18:28 / 19.10.2021
61012

Nuriddin Xoliqnazarov muftiylikka saylandi

Toshkent shahri bosh imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

19 oktabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ma'lum qilishicha, unda tashkiliy masala ko‘rilib, Nuriddin domla Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi.

Nuriddin domla Xoliqnazarov 1968 yilda Andijon viloyati Asaka shahrida tug‘ilgan. 1992 yilda Buxoro viloyatidagi Mir Arab madrasasi, 1998 yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007 yilda esa Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.

Diniy sohadagi faoliyatini 1996–2004 yillarda Asaka shahridagi «Ahmadali maxdum» masjidi imom-xatibi vazifasidan boshlagan Nuriddin domla 2004–2005 yillarda Toshkent shahar Yunusobod tumani «Oqtepa» jome masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlagan. 2004–2005 yillarda «Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi, 2011–2015 yillarda «Sayyid Muhiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi bo‘lgan. 

2005–2019 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2019 yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Eslatib o‘tamiz, 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlagan Usmonxon Alimov 15 avgust kuni 71 yoshida og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etgani xabar qilindi.
  • Bundan avvalroq OAVda aynan Nuriddin Xoliqnazarov muftiy bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan, ammo bu xabarlar rasman rad etilgandi. Kun.uz muftiy vafotidan so‘ng rasmiy tadbirlarda asosan Nuriddin Xoliqnazarov va Musulmonlar idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov prezidentga hamrohlik qilayotganiga e'tibor qaratgandi.
Top