20:17 / 19.10.2021
6745

Ochlik e'lon qilgan Saakashvili majburan ovqatlantirilishi mumkin

Gruziyaning sobiq prezidenti, 1 oktyabrdan beri ochlikni davom ettirayotgan Mixail Saakashvili zarurat yuzaga kelsa shifoxonaga ko‘chirilib, u yerda majburan ovqatlantirilishi mumkin.

Georgian Interior Ministry Press Service / AP

Saakashvili Gruziyaga qaytgandan keyin 1 oktyabrda hibsga olingandi. O‘shanda u ochlik e'lon qilib, uni “o‘lgunicha davom ettirishga tayyorligini” aytgan. Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili bunga javoban sobiq prezidentni “qallob” deb atagan. Bu orada Saakashvilining safdoshlari “u haqiqatan ham oxirigacha borishi mumkinligini” aytishmoqda.

Saakashvilining advokati Nika Gvaramiyaning ta'kidlashicha, 19 kundan beri ochlikni davom ettirayotgan Saakashviliga 3-4 kundan keyin tibbiy yordam kerak bo‘lishi mumkin.

Advokat Gela Nikolaishvilining aytishicha, ochlik e'lon qilgan mahbuslarni majburan ovqatlantirish amaliyoti ko‘plab davlatlarda mavjud. Uning ta'kidlashicha, gap tom ma'noda ovqatlantirish haqida emas, balki mahbus batamom holsizlansa yoki hushini yo‘qotsa, uning organizmiga zarur vositalarni quyish haqida bormoqda.

19 oktyabrda shifokorlar konsiliumi Saakashvilining salomatligi ortidan kuzatuvni kuchaytirish haqidagi xulosaga kelgan va uning sog‘lig‘i yomonlashishda davom etsa, uni turma yoki shahar shifoxonasiga o‘tkazishni tavsiya qilgan.

Avvalroq Saakashvili ochlik vaqtida 15 kgga ozib ketgani ma'lum qilingan. Biroq sobiq prezident o‘z qaroridan qaytmasligi va ozod etilmagungacha ochlikni davom ettirishini ta'kidlamoqda. “Agar men o‘z davlatimga hayotligimda yordam bera olmasam, balki o‘limim Gruziyaning ozodlik tomon yo‘lini yoritar”, deb aytgan Saakashvili o‘z tarafdorlariga yo‘llagan maktubida.

Bu orada Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili Yevroparlamentning Saakashvilini darhol ozod qilish talabiga javoban “qallob va simulyant” Saakashvili o‘ziga chiqarilgan 6 yillik qamoq jazosini to‘liq o‘tamagungacha ozod etilmasligini” aytgan.

Mavzuga oid
Top