12:18 / 19.10.2021
24269

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi tirbandliklar muammosi qanday hal etilishini aytdi

Prezidentning aytishicha, shaharning 500 ta chorrahasida “aqlli tartibga solish” tizimi joriy etiladi. 200 ga yaqin avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi. 400 ta avtobus, 700 ta elektrobus va 90 ta metro poyezdlari olib kelinib, yo‘lovchi tashish quvvati 2 barobarga oshiriladi. 21 ta yo‘l o‘tkazgich va 80 ta ko‘p qavatli avtoturargoh ham quriladi.

Foto: Milliy mass-media fondi

Toshkent shahar aholisi va ularning daromadlari oshgani hisobiga so‘nggi yillarda shaxsiy avtotransportlar 2-3 barobar ko‘payib, kuniga shahar ko‘chalarida 700-800 mingdan ziyod transport harakatlanmoqda. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Bu tirbandliklarni keltirib chiqarish bilan birga, ekologiya, piyoda va yo‘lovchilar xavfsizligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Lekin, poytaxtning jamoat transporti va yo‘l infratuzilmasi bu muammolarga hali munosib javob qaytara olmayapti. Shaharda yerosti va yerusti piyoda o‘tish yo‘laklari, avtoturargohlar yetishmaydi. 

Shuningdek, poytaxtda 500 dan ziyod katta chorrahalar mavjud bo‘lib, ularning 200 tasida transport vositalarini o‘tkazish darajasi past. Jamoat transportidan bor-yo‘g‘i 33 foiz yo‘lovchi foydalanmoqda. Masalan, bugungi kunda 80 ta yo‘nalishdagi avtobuslarning intervali tig‘iz paytlarda 30 minutgacha kechikkani aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, kelgusi besh yilda shaharda o‘zaro uzviy bog‘langan barcha transport turlarini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi.

Bunda: yerusti transporti va metro yo‘nalishlari kesishuvida 16 ta yirik avtostansiyalar; Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridagi shaharga olib kiruvchi 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar; markaziy ko‘chalarda 40 ming avtomobillar uchun 80 ta ko‘p qavatli avtoturargohlar; tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda 21 ta yo‘l o‘tkazgichlar quriladi; yerusti halqa metropoliteni yo‘lining 7 ta bekatdan iborat 13 kilometr uzunlikdagi “Qo‘yliq-Qipchoq” uchastkasi qurilishi yakuniga yetkaziladi.

Shuningdek, yo‘l harakatini “aqlli tartibga solish” tizimi joriy etilib, bunga shaharning 500 ta yirik chorrahasi ulanadi, 200 ga yaqin muntazam avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi, jamoat transporti parkini yangilash uchun 400 ta zamonaviy avtobus, 700 ta elektrobus olib kelinadi, 90 ta yangi zamonaviy metro poyezdlari olib kelinib, yo‘lovchilar tashish quvvati 2 barobarga oshiriladi. 

Avtobuslar qatnovini subsidiyalash tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Endi tashuvchilarga subsidiyalar yo‘lovchi soniga emas, balki yo‘nalish va qatnovlar soniga qarab beriladi. Shuningdek, kundan-kunga hayotimizga kirib kelayotgan yangi texnologiyalarni inobatga olib, elektromobillardan foydalanish hamda ularga xizmat ko‘rsatish maqsadida 50 ta quvvatlash stansiyasi va boshqa infratuzilmalar yaratiladi.

Bundan tashqari, 1,8 ming kilometr avtomobil yo‘li va ichki ko‘chalarni ta'mirlashga 3 trillion 200 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Top