17:23 / 20.10.2021
5531

Etim bolalarga berilgan uylar sanitariya me'yorlariga javob bermasligi aniqlandi

2021 yilga qadar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarga hokimliklar tomonidan berilgan uylar o‘rganilganda, sanitariya me'yorlariga javob bermasligi aniqlangan.

Bugun, 20 oktabr kuni Oliy Majlis Cenatining XX yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan axborot berdi.

Musayevning ma'lum qilishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha 16ta mehribonlik uylarida 1119 nafar, 4 bolalar shaharchalarida 101 nafar, 3 ta SOS bolalar mahallalarida 205 nafar – jami 1425 nafar bola tarbiyalanyapti. Avgust oyida ular 1990 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 583 nafar bola oilaviy bolalar uylari yoki oilalar tomonidan asrab olingan.

Musayevga ko‘ra, 2021 yilga qadar uy-joy ajratilishi lozim bo‘lgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarga hokimlik tomonidan berilgan uylar o‘rganilganda sanitariya me'yorlariga javob bermasligi aniqlandi. Bu bolalar vaqtincha boshqa joyga ijaraga ko‘chirilishi va ularning ijara puli mahalliy budjet hisobidan to‘lab berilishi choralari ko‘riladi.

Bosh vazir o‘rinbosari yetim bolalar uchun ajratiladigan uy-joy masalasida hokimliklarga murojaat qildi.

“Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni uy-joy bilan ta'minlash masalasi 1 dekabrga qadar to‘liq yakunlanishi shart. Bu haqda davlat rahbariga hamda Senatga alohida ma'lumot kiritiladi.

Hozirgacha joriy yilda uy bilan ta'minlanishi kerak bo‘lgan 757 nafar yetim bolalarning 197 nafariga uy berildi. Qolgan 560 nafarini ham uy-joy bilan ta'minlashni dekabr oyi yakuniga qadar tugatishimiz kerak.

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining oilalar tarbiyasiga berilishi ko‘paydi. Bu bolalarning tarbiyasi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi kelgusida yaxshi ta'minlanishini nazarda tutgan holda kelgusi yildan boshlab oilaviy mehribonlik uylarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini ishlab chiqamiz. Ham oilaga berish tartibi, ham qo‘llab-quvvatlash tartibi komissiya muhokamasiga kiritiladi”, dedi u.

Joriy yilda 110 nafar yetim bolalar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Bosh vazir o‘rinbosarining ta'kidlashicha, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar vasiylikka, oilaviy bolalar uylariga berilganda yoki oilalar tomonidan asrab olingan taqdirda ham ular uchun joriy etilgan OTM uchun imtiyoz beriladi. Kelgusida ham kvotalar oshiriladi.

“Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda “Ijtimoiy ish” bakalavriat ta'lim yo‘nalishi ochildi. Yo‘nalishning kunduzgi bo‘limida 325 nafar, sirtqi bo‘limda 1450 nafar talaba tahsil olyapti. Keyingi o‘quv yilida ushbu yo‘nalish ichida “Vasiylik va homiylik” sohasida oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi”, – deya Behzod Musayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top