12:35 / 20.10.2021
23980
Messi Parij uchun gollar urmoqda, Grizmannda dubl va chetlatish, «Real» qasos oldi. YeChL o‘yinlari

Seshanba oqshomida Chempionlar ligasining to‘rt guruhida 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Gollarga boy o‘tgan 8 o‘yinda jami 35ta gol urildi, «Siti» va «Real» raqiblariga 5tadan gol urishdi.

Foto: Getty Images

«PSJ»da xarakter paydo bo‘ldi

A guruhi
«PSJ» — «Leypsig» — 3:2 (1:1)
Gollar: Mbappe, 9. Messi, 67, 75, penalti — Andre Silva, 28. Mukiyele, 57.
Aniq ijro etilmagan penalti: Mbappe, 90+4 (xato).

Kichik jarohat tufayli Neymar hamda oilaviy mojarolari tufayli Ikardi ishtirok eta olmasa-da, Parijdagi yulduzlar jamlanmasi bu yo‘qotishlarni sezdirishmasligi tayin edi, qolaversa parijliklarning sobiq yulduzi Ronaldino ham «Park de Prens»da edi. Chigalyozdi mashg‘uloti vaqtida braziliyalik do‘stini ko‘rib qolgan Messi darhol uning oldiga keldi va u bilan quyuq so‘rashdi.

O‘z navbatida, raqiblar ham o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishgani ko‘rindi. O‘yin boshidayoq Mbappe o‘ziga xos tarzda oldingi chiziqda ochilib hisobni ochdi, ammo startdagi ikki o‘yinda mag‘lub bo‘lgan «Leypsig» («Bryugge»ga 1:2, «Manchester Siti»ga 3:6) oldinga tashlandi, Andre Silvaning ilk zarbasi ustundan qaytdi, portugaliyalik hujumchi ikkinchi urinishda hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida hisob 1:2 ko‘rinishiga keltirildi, bu holat «PSJ»da Messining transferidan keyin ham hech narsa o‘zgarmagani haqidagi fikrlar yangray boshlashiga sabab bo‘ldi, ammo Leo Mbappe bilan hamjihatlikda tanqidchilarning og‘zini yopishdi. Kilian avvaliga argentinalik futbolchiga assist amalga oshirdi, keyin penalti ishladi va to‘pni Messi tepishi kerakligini ko‘rsatdi. Messi esa hisob qaltis bo‘lib turgan vaziyatda zarbani «panenka» uslubida ijro etib, Parijni hayratga soldi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda argentinalik futbolchi het-trik qilishi ham mumkin edi, ammo o‘yindagi ikkinchi 11 metrlik zarbani ijro etish Mbappega berildi va u to‘pni tribunalarga qarata yo‘lladi.

«Bryugge» — «Manchester Siti» — 1:5 (0:2)
Gollar: Fanaken, 81 — Joau Kanselu, 30. Mahrez, 43, penalti, 84. Uoker, 53. Palmer, 67.

Xosep Gvardiola o‘yin arafasida Belgiya chempionlari uchun komplimentlarni ayamadi va jamoa futbolchilari ajoyib jismoniy holatda ekani va hujumkor futbol namoyish etishlarini alqadi. Ammo seshanba oqshomida bu sifatlarni aynan «Siti» futbolchilari namoyish etishdi, ikki jamoadagi ijrochilar saviyasi farqi yaqqol ko‘rinib qoldi. Bu o‘yinda hatto avval YeChLda gol urmagan futbolchilar — himoyachi Uoker va Angliya futbolining yangi yulduzi, 19 yoshli havbek Palmer ham o‘z nomlarini tabloga yozdirib qo‘yishdi. Angliya yoshlar jamoasi a'zosi bo‘lgan hujumchi maydonga tushishidan ikki daqiqa o‘tib mezbonlar darvozasini ishg‘ol etdi, u bilan birga zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Sterling golli uzatmani amalga oshirdi.

Palmer nomi uikenddagi o‘yinlar vaqtida tilga tushgandi - u shanba kuni «Siti» safida «Byornli»ga qarshi debyut o‘yinini o‘tkazdi, o‘yindan keyin o‘rinbosarlar jamoasiga qaytib maydonga tushdi va, het-trik qayd etdi.

3 noyabr. «Manchester Siti» — «Bryugge», «Leypsig» — «PSJ».

Saloh — tarixga kirdi, «Milan» — tubda

Foto: BERENGUI/GETTY IMAGES

V guruhi
«Atletiko» — «Liverpul» — 2:3
(2:2)
Gollar: Grizmann, 20, 34 — Saloh, 8, 78, penalti. Keyta, 13.

Avvaliga Diyego Simeone jamoasi o‘yinga tayyor emasdek ko‘rindi, jamoaning la ligadagi so‘nggi o‘yini keyinroqqa ko‘chirilgandi - futbolchilarning aksari Janubiy Amerikadan, JCh-2022 saralashi doirasidagi o‘yinlardan toliqib qaytgani bunga sabab bo‘ldi. «Liverpul» esa hozirda yuqori sport formasida — 13-daqiqaga kelib mehmonlar ikki gol urishga ulgurishdi. Madridliklar asosiy yevrokubok o‘yinlarida hech qachon bunday holatga tushmagandi, lekin Saloh bu jamoa himoyachilarini birin-ketin dog‘da qoldirdi.

Hisobni ochgan misrlik mersisaydliklarning qatorasiga to‘qqiz o‘yinda gol urgan ilk futbolchisiga aylandi. To‘g‘ri, bu holatda UYeFA matbuot xizmati qarori savollarni tug‘diradi, Saloh zarba bergandan keyin to‘p yo‘l-yo‘lakay Milnerning oyog‘iga tegib darvozaga yo‘nalgandi, masalan, «Liverpul»ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida gol muallifi sifatida aynan angliyalik futbolchi ko‘rsatildi.

Faqat «matraschilar» va urush uchun qop — bir xil narsa emas. «Atletiko» «Vanda Metropolitano»dagi o‘yin turning asosiy o‘yini maqomini oqlashi uchun barcha ishni amalga oshirdi. Tanaffusga qadar Grizmann dublni rasmiylashtirdi, u uchinchi golni ham urishga yaqin edi, ammo yakkama-yakka vaziyatda Alisson uning zarbasini bartaraf etdi. Fransuz futbolchisining het-trik haqidagi orzularini qizil kartochka bartaraf etdi, forvard to‘p uchun kurash vaqtida Roberto Firminoning yuziga butsasining ostki qismi bilan zarba berib yuborgandi.

Natijada germaniyalik arbitr Daniel Zibert ikkinchi bo‘limdagi asosiy figuraga aylandi. Grizmannga qizil kartochka ko‘rsatishdan tashqari u ispanlar darvozasiga penalti belgiladi va Salohning golli seriyasi bo‘yicha bahslarga hojat qolmadi. Hakam o‘yin oxirigacha «Atletiko»ni yana bir bor g‘azablantirdi, u dastlab Ximenesning yiqilishidan keyin mehmonlar darvozasi tomon 11 metrli jarima zarbasi belgilagandi, ammo videotakrordan keyin qarorini bekor qildi. Kunning eng muhim uchrashuvi kutilganidek eng yorqin va ehtiroslarga boy o‘yin bo‘lib chiqdi.

«Portu» — «Milan» — 1:0 (0:0)
Gol: Dias, 65.

Milanliklarning Chempionlar ligasiga qaytishi muvaffaqiyatsiz chiqmoqda, klub yangi darajaga hali tayyor emasdek ko‘rinmoqda. Tarkibdagi ko‘plab yo‘qotishlar ham Stefano Pioli uchun bahona bo‘lolmaydi, bu jamoa hatto «Portu» fonida ham juda kuchsiz ko‘rindi. Anchadan buyon kattaroq klubga o‘tishi kerakligi aytiladigan Diasning ajoyib goli — mantiqning tantanasi bo‘ldi. Ibrahimovich va uning jamoadoshlari esa arbitrni kolumbiyalik futbolchiga assistentlik qilgan Torimiy qoida buzganiga ishontirish uchun besamar harakat qilishdi.

Yakunda Zlatan maydondan chetlatilishi ham mumkin edi, uning butsasi tishlari Mbembaning boshiga tegdi, ammo hakam ogohlantirish berish bilan cheklandi.

REUTERS/Pedro Nunes

Ya'ni xuddi shunday vaziyatda Grizmann chetlatilgandi, shved esa — yo‘q. O‘yinni to‘liq tarkibda davom ettirganiga qaramay «Milan» o‘z tarixida ilk bor YeChL guruh bosqichini qatorasiga uch mag‘lubiyat bilan boshladi va guruh turnir jadvalining eng so‘nggi o‘rniga joylashdi.

3 noyabr. «Milan» — «Portu», «Liverpul» — «Atletiko».

Sehrli «Ayaks»

S guruhi
«Ayaks» — «Borussiya» D — 4:0
(2:0)
Gollar: Roys, 11, avtogol. Blind, 25. Antoni, 57. Aller, 72.

Ikki yorqin va hujumni birinchi o‘ringa qo‘yadigan jamoalar to‘qnashuvi kutilmagan voqea bilan boshlandi — joriy mavsumda ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan Roys Tadich jarima zarbasini ijro etganida boshi bilan o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Buni tasodifiy holat deb qabul qilish mumkin edi, ammo «Ayaks» o‘yinning qolgan vaqtida ham maydonda to‘liq ustunlik namoyish etdi va dortmundliklar o‘yindagi ilk zarbasini birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarga kelibgina yo‘llay olishdi. Bungacha mezbonlar Blindning supergoli evaziga ustunlikni ikkitaga oshirishgandi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa Pasver yakkama-yakka holatga chiqib kelgan Holandning zarbasiga barmoqlarini qo‘yish orqali to‘p darvoza to‘siniga tekkan holda maydondan chiqib ketishini ta'minladi. Ehtimol, bu uchrashuvning hal qiluvchi pallasi edi. Ba'zida to‘pni kuch bilan emas, noziklik bilan uzoq burchak sari yo‘llash qanchalar to‘g‘ri bo‘lishini Antoni ko‘rsatib berdi.

«Ayaks» mavsumni kuchli o‘tkazayotganining yana bir isboti sifatida ayni vaqtda turnirning eng yaxshi to‘purari 6 gol urishga ulgurgan Aller ekanidan ham bilish mumkin. Uning o‘yinda yakuniy natijani o‘rnatgan golidan keyin «Borussiya» YeChLdagi eng og‘riqli mag‘lubiyatiga rozi bo‘ldi.

«Beshiktosh» — «Sporting» — 1:4 (1:3)
Gollar: Larin, 24 — Koates, 15, 27. Pablo Sarabiya, 44, penalti. Paulino, 89.

Ikki autsayderlar bahsida portugallar kuchliroq chiqishdi. Mehmonlar himoyachisi Koates ikki marta burchak zarbasi ijro etilgan vaqtda gol urdi. Birinchi bo‘lim oxirida to‘p Vidaning qo‘liga tekkanidan keyin penalti belgilanishi o‘yindagi intrigaga barham berdi — e'tiborli jihati bu vaziyat ham «Sporting» burchak zarbasini amalga oshirganida ro‘y berdi. O‘yin oxirida Paulino to‘rtinchi golni urdi va portugaliyaliklar Chempionlar ligasidagi eng yirik hisobdagi g‘alabasini nishonlashdi. 36 yoshida YeChLda klub bosh murabbiyiga aylangan sobiq futbolchi Ruben Amorim jamoasida ikkinchi o‘rin uchun kurashish imkoniyati yuzaga keldi.

3 noyabr. «Borussiya» D — «Ayaks», «Sporting» — «Beshiktosh».

«Real» beshta gol urdi

D guruhi
«Shaxtyor» — «Real» — 0:5
(0:1)
Gollar: Krivsov, 37, avtogol. Vinisius Junior, 51, 56. Rodrigu, 64. Benzema, 90+1.

Bir yil muqaddam «Shaxtyor» YeChL tarixidagi eng shov-shuvli sensatsiyalardan birini qayd etgandi — zaxira tarkibi bilan safarda «Real»ni mag‘lub etgan, birinchi bo‘limni ukrainlar jamoasi 3:0 hisobidagi ustunlik bilan yakunlashgandi. O‘shanda jamoa futbolchilari o‘rtasida koronavirus avj olgan — asosiy tarkibning deyarli barcha futbolchilari topshirgan test musbat natija bergan, shunday ekan Madridda muvaffaqiyatga erishish imkoni deyarli yo‘q edi. Ammo «Shaxtyor» o‘sha o‘yinda ham yutgan,  dekabrda asosiy tarkibi bilan muvaffaqiyatni takrorlagandi.

«Real» o‘shanda ukrainlarga ikki bor yutqazib ham, pley-offga chiqqan, «Shaxtyor» esa uchinchi o‘rinda qolib ishtirokini Yevropa Ligasida davom ettirgandi. 

Joriy mavsumda donetskliklar jamoasi qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Bir yil oldin «Real», «Inter» va Menxengladbaxning «Borussiya» klubi o‘rin olgan guruhda aynan ular sensatsiyachi jamoa bo‘lgan, hozir esa «Sherif» o‘z tarixini yozmoqda. «Shaxtyor» hozircha faqat saralash turnirida jasorat ko‘rsatish bilan cheklangan, ular guruh bosqichiga «Monako» bilan uchrashuvlardagi muvaffaqiyat evaziga o‘tishgandi.

Seshanba oqshomida Roberto De Dzerbi jamoasiga yana bir jasorat ko‘rsatish zarur edi. Dastlabki ikki turda ular faqat bir ochko olishdi va endi ularning o‘z uyida «Real»ga yutqazishga haqqi yo‘q edi. Aynan shu sabab «Shaxtyor» ilk o‘n daqiqalikda grand raqibga umuman to‘pni bermadi — bu o‘n daqiqalikda mezbonlarning to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunligi 72 foizni tashkil etdi. Lekin shu davrda ham golli vaziyatni mezbonlar emas, mehmonlar yaratishdi.

Umuman olganda, «Shaxtyor»ning hujumlari tizimli uyushtirilmadi. Ular to‘pni olib yurishdi, ammo darvoza sari zarba berishga yetib bora olishmadi. Butun birinchi bo‘lim davomida madridliklar darvozasiga bir martagina zarba yo‘llandi.

Aniqroq aytganda, tanaffusga qadar «Shaxtyor» futbolchilari darvoza sari ikki bor zarba berishdi, ammo shundan biri — o‘z darvozasiga. 37-daqiqaga qadar o‘yinda hisob ochilmay turdi, «Real» ham zo‘r berib harakat qilmadi. O‘yin tempi juda past edi, jamoalar tanaffusni yoki birinchi golni kutishayotgandi. Lekin gol tanaffusdan oldin urildi — Krivsov raqib hujumini to‘xtatishda ehtiyotsizlik bilan harakatlandi va to‘pni Trubin qo‘riqlayotgan darvozaga kiritib yubordi.

0:1 hisobi — umuman qo‘rqinchli emasdi. Ammo «Shaxtyor»da vaziyatni o‘nglash uchun ham imkon yo‘q edi. Jamoa bu o‘yinning birinchi bo‘limida ham, undan avvalgi ikki turda ham hujumda hech narsa qila olmagandi. Guruhning birinchi davrasida birorta gol urilmadi — De Dzerbidan buni kutishmagani aniq.

Ikkinchi bo‘limda vaziyatlar bo‘ldi, ammo bungacha hisob umidsiz ko‘rinishga kelib bo‘lgandi. «Shaxtyor» murabbiyi tanaffusda o‘yinchilarni almashtirish orqali o‘yinni o‘zgartirishga urindi, ammo jamoa ikkinchi bo‘lim boshida yana uchta gol qo‘yib yubordi. Vinisius juda yorqin o‘yin namoyish etdi — 15 daqiqa ichida u ikki gol urib, bir bor Rodrigoga assistentlik qildi. Braziliyalik ikkinchi golni urishda raqib maydonida himoyachilarn istagan ko‘yiga soldi va to‘pni darvoza to‘sini ostiga kuchli zarba bilan yo‘lladi.

Hisob 0:4 holatiga kelgach o‘yin mashg‘ulot o‘yiniga aylanib ketdi. «Real» futbolchilari avvalgi gollarda jonbozlik ko‘rsatgan Benzema ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yish uchun to‘pni asosan unga uzatishdi va qo‘shimcha daqiqalarda bu ish ham amalga oshdi.

«Real» o‘tgan mavsumlardagi mag‘lubiyat uchun ham, «Sherif»dan o‘tgan turdagi mag‘lubiyat uchun ham alamini chiqarib oldi. Donetskliklar klubi esa xavfli vaziyatda. Uchta turdan keyin bir ochko va nol gol — bu amalda pley-off uchun kurashdan chiqib ketishni anglatadi.

«Inter» — «Sherif» — 3:1 (1:0)
Gollar: Jyeko, 34. Vidal, 58. De Fray, 67 — S. Till, 52.

Tiraspolning «Sherif» klubi «Inter»ga qarshi o‘yinga guruh yetakchisi sifatida keldi. Moldavanlar klubi uyda «Shaxtyor»ni (2:0), «Santyagu Bernabeu»da «Real»ni (2:1) mag‘lub etgandi.

Lekin Yuriy Vernidubda bu o‘yin arafasida tarkib borasida muammolar yuzaga keldi - asosiy darvozabon Giorgos Atanasiadis, hujumchi Jasur Yaxshiboyev hamda himoyachi Aleksandr Belousov  Milanga safar qilolmadi.

Darvozani egallagan Chelyadnik (u YeChLda o‘ynagan ilk moldaviyalik bo‘ldi, bungacha jamoa o‘yinlarida faqat legionerlar o‘ynayotgandi) o‘yinni yaxshi boshladi va bir necha bor jamoasini qutqardi. Ammo uning jamoadoshlari raqib hududida yaxshi harakatlana olishmadi va faqat qarshi hujumlar bilan cheklanishdi. 34-daqiqada esa Arturo Vidal burchak zarbasidan keyin to‘pni Edin Djyekoga tashlab berdi, bosniyalik tajribali hujumchi bir harakat bilan uni darvoza to‘qqizligiga joyladi. Chelyadnikda bu zarbani qaytarish imkoni yo‘q edi.

Tanaffusda Yuriy Vernidub hujumkorlikni oshirishga qaror qildi. Jamoa sardori Frank Kasteneda maydondan olinib, uning o‘rniga Stepan Radelich tushirildi. «Sherif» tez orada hisobni tenglashtirdi. Sebasten Till Madridda uning shunchaki omadi kelmaganini isbotladi va 52-daqiqada jarima zarbasidan Samir Xandanovich darvozasini ishg‘ol etdi — 1:1.

Ammo moldavanlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Tilning golidan 6 daqiqa o‘tib Arturo Vidal maydon egalarini yana oldinga olib chiqdi. Djyeko chililik futbolchiga birinchi bo‘limdagi uzatmasi uchun qarzini qaytardi va uni «Sherif» darvozaboni bilan yakkama-yakka holatga chiqardi. Uchinchi gol ham o‘zini ko‘p kuttirmadi, yana burchak zarbasi ijro etilganida to‘p zarba uchun tashlab berildi va bu safar kombinatsiyani «Inter»ning markaziy himoyachisi Stefen De Vrey yakunladi — 3:1.

O‘yin oxirigacha «Sherif» Xandanovich darvozasi oldida boshqa xavfli vaziyat yarata olmadi, neradzuri ham 4-golni urish uchun qattiq harakat qilmadi. Parallel uchrashuvda «Real»ning «Shaxtyor» ustidan g‘alabasi evaziga «Inter» 3-pog‘onaga ko‘tarildi. «Sherif» esa madridliklar ochkolar soni bo‘yicha ularni quvib yetgan bo‘lsa-da, o‘zaro uchrashuvdagi g‘alaba evaziga hamon birinchi o‘rinda qolmoqda.

3 noyabr. «Sherif» — «Inter», «Real» — «Shaxtyor».

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentyabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top