10:00 / 20.10.2021
2086
“O‘zbekgidroenergo” AJ: Chirchiq hamda Qibray tumanidagi gidroinshootlarga Media-tur tashkil etildi
Foto: O‘zbekgidroenergo

“O‘zbekgidroenergo” AJ o‘z faoliyatini xalqchil, oshkora hamda to‘laqonli yoritishda yurtimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Bu borada qator bosma va elektron OAV, tele- hamda radiokanallar, Internet nashrlar bilan uzviy aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, qurilish va modernizatsiya obektlarida maxsus media- va press-turlar tashkil etilmoqda.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Bugun, 19 oktabr kuni OAV vakillari uchun navbatdagi media-tur tashkil qilindi. Media-turda 10 dan ortiq bosma va elektron OAV, “O‘zbekiston24” hamda “Sevimli” telekanallari, nufuzli gazetalar vakillari, bloger-jurnalistlar ishtirok etdilar.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Media-tur Toshkent viloyatida gidroenergetika sohasida yangi GESlar qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish borasida so‘nggi 4 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda sohada jadal sur'atlarda olib borilayotgan yangi investitsiyaviy yirik loyihalar, yangi gidroenergetik quvvatlar bilan tanishish maqsadida tashkil etildi.

Dastlab Chirchiq shahrida barpo etilgan, Chirchiq-Bo‘zsuv traktida joylashgan yangi “Kamolot” GESda ilk bor tajriba sifatida “kapsula” usulida gidroagregatlar o‘rnatish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida gidroinshoot obektiga tashrif buyurildi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Ushbu GESda OAV vakillari uchun “Chirchiq GESlar kaskadi” UK direktori Abdurasul Shodmonov, bosh pudratchi korxona vakili Asmandiyor Zaydullayev hamda xitoylik hamkor mutaxassislar bilan gidroinshootning texnik xarakteristikasi, gidroenergetik quvvatlari, zamonaviy standartlarga javob beradigan texnologik qurilmalari borasida intervyular tashkil etildi.

Navbatdagi manzil – “Chirchiq GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi Oq-qovoq GES-1 (GeS-10) bo‘ldi. Ushbu obektda OAV uchun GESda olib borilayotgan modernizatsiya jarayonlari, GESning tarixi va Chirchiq ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘rni borasida mutaxassislar tomonidan zaruriy ma'lumotlar berildi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Media-turning keyingi obekti “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi “GES-3”da davom ettirildi. Chirchiq-Bo‘zsuv suv-energetik traktidagi “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi Qodiriya GES (GES-3)da olib borilgan modernizatsiya jarayonlari yakunlari hamda ushbu GES faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Qayd etish joizki, 1933 yilda qurilgan mazkur GESning o‘rnatilgan umumiy quvvati 13,2 MVt dan iborat. Qariyb 85 yildan buyon ishlab kelayotgan GESning 4 ta agregati ishlash quvvati samaradorligini yo‘qotib, ta'mirga muhtoj bo‘lib qolgan edi. Modernizatsiyalar yakunlanganidan so‘ng, GESning umumiy quvvati 15,34 MVt ga yetkazildi. GESning yillik o‘rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 124 mln kVt soatga yetkazildi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiyalanayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisining turmush farovonligi oshishiga, ishlab chiqarish sub'yektlarining elektr quvvatlari bilan ta'minlanishiga, tom ma'noda, xalqimiz farovonligi ortishiga mustahkam zamin yaratadi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati

Mavzuga oid
Top