15:40 / 20.10.2021
17810
SSV: O‘zbekistonda murakkab operatsiyalar narxi bir necha barobar arzon

Ayni paytda O‘zbekistonda 5 ming bemor jigar sirrozidan aziyat chekyapti. Ulardan 500 nafari jigar transplantatsiyasiga muhtoj.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati og‘ir xastalikdan aziyat chekkan bemorlar yaqin-yaqingacha jigar, buyrak, o‘pka transplantatsiyasi, yurak sohasidagi nozik operatsiyalar uchun ilg‘or xorijiy mamlakatlarga davo istab borishga majbur bo‘lgani, bugungi kunda esa O‘zbekistonda tibbiyotning ko‘plab yo‘nalishlari qatori xirurgiya sohasida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilib, deyarli barcha murakkab operatsiyalar O‘zbekistonning o‘zida o‘tkazilayotgani haqida ma'lum qildi. 

Masalan, ayni paytda respublikada 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan aziyat chekyapti. Ulardan 500 nafari jigar transplantatsiyasiga muhtoj. Shu kungacha Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 10 nafar bemorga jigar ko‘chirib o‘tkazildi. 

«Bunday noyob operatsiya uchun Hindistonda o‘rtacha 45 ming dollar mablag‘ talab qilinadi. Rossiyada esa yanayam qimmatroq — 70 ming dollar atrofida. Belarusda jigar transplantatsiyasini o‘tkazmoqchi bo‘lganlar esa qariyb 165 ming dollar to‘lashi kerak. Eng yuqori narx AQShda — taxminan 200 ming dollar.

Bizda esa bu turdagi operatsiyani o‘tkazishga sarflanadigan sarf-xarajatlar donor va bemor uchun o‘rta hisobda 18-20 ming dollarga to‘g‘ri kelishi o‘rganilgan. Ammo buni yanglish tushunmaslik kerak. Gap shundaki, mamlakatimizda jigar sirrozi bilan kasallangan yurtdoshlarimizni order tizimi asosida davolash yo‘lga qo‘yilgan. Bu holatda  faqat donor operatsiyasi, ya'ni jigarning bir bo‘lagini olish uchun bemorning oilasi tomonidan ma'lum miqdorda mablag‘ to‘lanadi, xolos», deydi markaz direktori Saidmurod Ismoilov.  

Uning ma'lum qilishicha, yurak va o‘pka yetishmovchiligi terminal bosqichidagi bemorlar orasida ham transplantatsiya amaliyotiga muhtojlar ko‘p. Biroq bunday operatsiyalar bahosi Rossiyada 100 ming, Belarusda 200 ming, AQShda 250 ming dollar atrofida. O‘zbekistonda esa narx ko‘rsatkichlari okeanorti mamlakatiga nisbatan qariyb 10 barobar arzon. 

Umuman, bugunga kelib, O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 750 mingta jarrohlik amaliyoti bajarilyapti. Ularning 24 mingtasi respublika tasarrufidagi klinikalarda, 550 mingtasi viloyat markazlarida, 170 mingtasi esa tuman miqyosida o‘tkazilmoqda.

«Sohadagi islohotlar natijasida imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham oshib bormoqda. Birgina markazimizning o‘zida yiliga qilinayotgan jarrohlik amaliyotlari soni o‘rtacha 6,5 mingta, operatsiyalar turi 350ta, shuningdek, viloyat markazlarida 130ta, tuman shifoxonalarida esa 60taga yetdi. Kelgusida tumanlararo markazlarda qilinadigan jarrohlik amaliyotlari turini 79taga, viloyat darajasida esa 168tagacha yetkazish rejalashtirilmoqda.

Yana bir muhim fakt: aorta-koronar shuntlash operatsiyasi ham murakkab kardioxirurgik amaliyot hisoblanadi. Bunday operatsiya uchun Rossiya va Hindistonda 8 mingdan 18 ming dollargacha to‘lov qilish zarur. Yevropa davlatlarida esa 20-30 ming dollar talab qilinadi. AQShda 40-50 ming dollardan arzonga tushmaydi. Mamlakatimizda tibbiyot rivojiga keng yo‘l ochilishi bilan yurak sohasidagi murakkab operatsiyalar uchun ko‘pi bilan 3-4 ming dollar to‘lov qilinmoqda», deydi u.

Top