16:06 / 20.10.2021
878
Surxondaryoda uy olib berish va o‘qishga kiritib qo‘yishni aytib fuqarolarning pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Surxondaryo viloyatida o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib fuqarolarning pulini o‘zlashtirgan, yana bir fuqaroga uy olib berishini aytib undan 1 900 AQSh dollari olgan shaxs qo‘lga olingan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Surxondaryo viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan fuqaro Z.A. fuqaro K.ga 2 000 dollar evaziga subsidiya ballarini yig‘ish orqali uy olib berishni va'da qilib, shundan 100 dollarini olib, qolgan 1 900 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, Z.A. 2020 yilda 8 nafar fuqaroni tanishlari orqali Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialiga o‘qishga kiritib qo‘yishga ishontirib, evaziga ularning jami 19 800 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top