10:17 / 20.10.2021
16384

Urgutda noyob Turkiston silovsini tutildi

Foto: Ekologiya boshqarmasi

Urgut tumanida joylashgan korxonalardan biriga baland tog‘larda yashaydigan Turkiston silovsini kelib qolgan. Viloyat Ekologiya boshqarmasining xabar berishicha, hozirda ushbu noyob hayvon tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Tez orada yana tabiatga qo‘yib yuboriladi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 19 oktabr kuni Urgut tumani Rahmatobod mahallasi hududida joylashgan korxonada ishlovchi fuqarolar uning hududiga Zarafshon daryosi orqali kelib qolgan noyob hayvonni ko‘rib qolishgan va unga ovqat berishgan.

Ushbu hayvon ketavermagach, Urgut tuman o‘rmon xo‘jaligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat inspeksiyasiga telefon orqali murojaat qilishgan. Mas'ullar tezkor tartibda joyiga borib o‘rganishganda, bu hayvon Turkiston silovsini ekani aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur noyob hayvon maxsus tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda, tez orada yana tabiat qo‘yniga qo‘yib yuboriladi.

Ma'lumot uchun, Turkiston silovsini G‘arbiy Tyan-Shan (Ugom, Piskom, Chotqol) va Pomir-Oloy (Turkiston, Hisor, Ko‘hitang) tog‘ tizmalarining baland qismida yashaydi. O‘zbekistondan tashqarida: Markaziy Osiyo mamlakatlari, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, G‘arbiy Xitoy, Afg‘oniston, Pokiston, Shimoliy Hindistonda uchraydi.

Turkiston silovsini tog‘larning o‘rta va yuqori qismlari (alp o‘tloqlari zonasining bargli o‘rmon va archazorlar qoplagan quyi chegarasigacha), ko‘pincha sochma-toshloq va qoyalarga yaqin joylarda yashaydi.

Mavzuga oid
Top