16:37 / 21.10.2021
4941

“Avtoyo‘llar qo‘mitasi va IIV ma'lumotlari bir-biriga zid” - senator yo‘llardagi ta'mirlash ishlari sabab yuz bergan YTHlar haqida

Yo‘llardagi ta'mirlash ishlari sabab yuz bergan YTHlar bo‘yicha Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan ma'lumotlar bir-biriga zid, dedi senator Qutbiddin Burhonov.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

“Bu – ikkita tashkilot orasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganidan dalolat”, – dedi Burhonov Senatning XX yalpi majlisida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan qabul qilinayotgan Senat qarorida YTH hisobotlarini yuritish bo‘yicha 2 ta tashkilot orasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq topshiriqlar belgilanmoqda.

Avvalroq Kun.uz avtomobil yo‘llarida olib borilayotgan ta'mirlash ishlari oxiriga yetkazilmay qolib ketishi, yo‘l quruvchilarning zimmalaridagi majburiyat va xavfsizlik qoidalariga amal qilmasligi YTHlarga sabab bo‘layotganiga e'tibor qaratgandi.

“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasiga ko‘ra, avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar avtomobil yo‘lidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish huquqiga ega.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida avtomobil yo‘llarini ta'mirlash ishlari olib borilayotgan, bu ishlar oxiriga yetkazilmasdan qolib ketgan hamda ta'mirlanishi lozim bo‘lgan joylarda 2019 va 2020 yilning 8 oyi ichida 532ta YTH sodir bo‘lgani, ushbu avariyalar oqibatida 191 kishi vafot etgani va 511 kishi jarohatlangani aniqlangan.

Ushbu ma'lumotlar Senatning 2020 yil 21 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan VIII yalpi majlisida ham tilga olingan.

Biroq Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Mahmud Olimov bu ma'lumotni inkor etib, 2019-2020 yillar davomida O‘zbekistondagi avtohalokatlarning birortasi yo‘llar nosozligi tufayli ro‘y bermaganini aytgandi.

Top