17:48 / 21.10.2021
8290

Ikki nafar sudya Oliy sud sudyaligiga tasdiqlandi

Senat Oybek Barakabayev va Doniyorjon Tojiboyevni o‘n yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga tasdiqladi.

Barakabayev va Doniyorjon Tojiboyev / Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatning XX yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. O‘zbekiston konstitutsiyasining 80-moddasi 3-bandi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning 9-moddasi birinchi qismi 3-bandiga muvofiq Oybek Barakabayev va Doniyorjon Tojiboyev o‘n yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga tasdiqlandi.

Oybek A'zamjonovich Barakabayev 1976 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, mutaxassisligi – huquqshunos. 1997 yili ichki ishlar tizimida ish faoliyatini boshlagan. 2004–2010 yillarda fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi, huquqiy maslahatchisi, 2010–2015 yillarda FIB Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanlararo sudi sudyasi, 2018 yildan hozirga qadar esa Andijon viloyat ma'muriy sudining sudyasi lavozimida ishlab kelmoqda.

Doniyorjon Muhammadjonovich Tojiboyev 1982 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, mutaxassisligi – huquqshunos. 2004 yilda Namangan davlat universitetini tamomlagan. Yuridik ixtisoslik bo‘yicha mehnat faoliyatini 2005 yilda To‘raqo‘rg‘on tumani sud ijrochilari bo‘limining sud ijrochisi sifatida boshlagan. 2009–2013 yillarda JIB Uychi tuman sudining raisi, 2013–2017 yillarda JIB Namangan viloyat sudining sudyasi, 2017 yildan hozirga qadar esa Namangan viloyat ma'muriy sudining sudyasi, Namangan tumanlararo mu'muriy sudining raisi lavozimlarida ishlab kelgan.

Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorovning ma'lum qilishicha, Qurbonov Tuyg‘un Mamatqulovich otasi koronavirusdan vafot etganidan so‘ng onasi yolg‘iz qolib ketgani munosabati bilan o‘z arizasiga ko‘ra Oliy sud sudyasi lavozimidan ozod etilgan.

Top