11:52 / 21.10.2021
534
Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanidagi oilaviy bolalar uyi haqida gapirdi

Sharof Rashidov tumanida yashovchi Dilbar Qarshiboyeva o‘z xonadonida oilaviy bolalar uyini tashkil qilib, besh nafar bolani farzandlikka olgan. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Ma'lumki, dunyoda bola huquqlari bo‘yicha dastlabki qonuniy me'yorlar 1804 yili Fransiya fuqarolik kodeksiga kiritilgan, deb hisoblanadi. Biroq, Jizzax vohasida kamol topgan huquqshunos alloma Ustrushoniy 13-asrdayoq “Bola huquqlari majmuasi” degan noyob asarini yaratib, go‘dakning ona qornida paydo bo‘lgan paytidan boshlab, voyaga yetguniga qadar bo‘lgan huquqlarini mukammal bayon etib bergan.

Hammangiz yaxshi bilasiz, bugun yurtimizda bolalar huquqlarini himoya qilish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Bolalar ombudsmani institutini tashkil etdik. Farzandlarimiz uchun yangi-yangi bog‘cha va maktablar, madaniyat, san'at va sport muassasalarini barpo etmoqdamiz. Shuningdek, Mehribonlik uylari tubdan ta'mirlanib, hamma zarur sharoitlar yaratilmoqda. 

Jizzaxdagi Mehribonlik uyi ham o‘tgan yili kapital ta'mirdan chiqarilib, to‘liq qayta jihozlangani sizlarga yaxshi ma'lum, albatta. Lekin, nomini “Mehribonlik uyi” deb ataganimiz, har qancha zo‘r sharoit yaratganimiz bilan, baribir, bu dargohlar ota-ona, oilaning o‘rnini bosa olmaydi. Bilasizlarmi, mana shu 3 oy ichida 3 ta mehribonlik uyi yopildi. Chunki bolalar oilalar bag‘riga olindi. Biz urush davrida yuz minglab bolalarni bag‘riga olgan buyuk xalqmiz.

Shu maqsadda, oilaviy bolalar uylarini tashkil etmoqdamiz. Mehr-oqibatli, bag‘rikeng yurtdoshlarimiz ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni o‘z oilalariga farzandlikka qabul qilayotgani hammamizni xursand qiladi. Bunday saxovatpesha insonlar Jizzax viloyatida ham ko‘plab topiladi. Mana, masalan, Sharof Rashidov tumanida yashovchi Dilbar Qarshiboyeva o‘z xonadonida oilaviy bolalar uyini tashkil qilib, besh nafar bolani farzandlikka olgani alohida tahsinga sazovordir. 

O‘z navbatida, ulug‘ huquqshunos alloma Ustrushoniy bobomizning tabarruk xotirasini abadiylashtirish maqsadida, Jizzax shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga uning nomini bersak, nima deysizlar? 

Agar jizzaxlik olimlar, ijodkor, ziyolilar, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari vohada yashab o‘tgan ulug‘ allomalarning bebaho merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, bu mavzuda ilmiy tadqiqotlar, kitob va risolalar yaratish hamda keng targ‘ib etish ishlarini boshlasalar, men ularning bu harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”, dedi prezidentlikka nomzod.

Top