12:10 / 21.10.2021
1354

«Uzoq yillar mobaynida Jizzaxga markazdan yetarli e'tibor berilmagan» - Shavkat Mirziyoyev

Jizzax viloyatiga so‘nggi yillarda jalb qilingan investitsiyalar hajmi 8,5 barobarga, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar 14 barobarga ko‘paygan. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Biz yangi O‘zbekistonni qurishning birinchi kunlaridan boshlab “xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qiladi”, degan siyosatni eng ustuvor vazifa va tamoyil sifatida o‘zimizga belgilab oldik. Shu ulug‘ maqsad yo‘lida dastlabki muhim qadamlarni qo‘ydik. 

Barchangiz yaxshi bilasizlar, ilgari uzoq yillar mobaynida Jizzaxga markazdan yetarli e'tibor berilmagani oqibatida viloyatning ko‘plab sohalarida tizimli muammolar yig‘ilib qolgan. Shuncha tabiiy resurslar va qazilma boyliklar bo‘la turib, viloyatda birgina “Akkumulyator zavodi” va paxta tozalash korxonalaridan boshqa sanoat deyarli yo‘q edi.

So‘nggi besh yilda amalga oshirgan islohotlarimiz natijasida Jizzaxda ham sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga ko‘rinib qoldi. Xususan, viloyatga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 8,5 barobarga, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar 14 barobarga ko‘paygan. Shuningdek, 3 mingdan ziyod yangi loyihalar ishga tushirilib, sanoat mahsulotlari hajmi bir necha barobarga oshdi. Maktabgacha ta'lim qamrovi 16 foizdan 67 foizga yetkazildi. Aholi uchun 11 ming xonadonli uylar qurildi. 

Shu bilan birga, viloyatdagi mavjud muammolarni barchamiz juda yaxshi bilamiz. Shu bois, erishilgan natijalarga mahliyo bo‘lmasdan, viloyatdagi 80 mingdan ziyod ishsizlar bandligini ta'minlashimiz, har yili mehnat bozoriga kirib keladigan 30 mingga yaqin yoshlarimizning kelajagi uchun, mustahkam zamin yaratishimiz shart. Buning uchun viloyatda hosildor yer, qazilma boyliklar, mehnatkash aholi va qulay transport koridorlari mavjud.

Shulardan kelib chiqib, kelgusi besh yilda “islohotlarimiz inson qadrini ulug‘lash uchun” tamoyili asosida shahar, tuman, mahalla va qishloqlarni rivojlantirish, xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratish bo‘yicha yangi reja va dasturlarni siz – aziz hamyurtlarim bilan maslahat qilmoqchiman”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid
Top