09:50 / 22.10.2021
16089

«Menimcha, biz bunga yaqinlashyapmiz» - Putin «Tolibon»ni tan olish haqida 

Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin payshanba kuni «Valday» klubi yig‘ilishi ishtirokchilarining savollariga javoban ma'lum qildi.

Foto: Dmitriy Feoktistov/TASS

Putinning aytishicha, dunyo «Tolibon» harakatini tan olish sari yaqinlashmoqda.

«Menimcha, biz bunga yaqinlashyapmiz. Rossiyaning pozitsiyasi aynan shu yo‘nalishda harakat qilishdan iborat bo‘ladi. Lekin shunga qaramay, biz bu qarorlarni avvalgidek, ya'ni harakatni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritganimizdek, o‘sha usulda qabul qilishimiz kerak. 

AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib to‘g‘ri ish qildi. Lekin hozir Qo‘shma Shtatlar va Yevropa bu mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar hamda kelajak uchun javobgarlikni o‘zidan soqit qilmasligi kerak»,  dedi Vladimir Putin.

Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin toliblar bilan hamkorlik qilish kerak, ammo ularni tan olishga shoshmaslik lozim deb hisoblashi ma'lum qilingandi.

«Hozircha toliblarni rasman tan olishga shoshilmaslik kerak. Ular bilan hamkorlik qilish kerakligini tushunamiz, ammo e'tirof etishga shoshilmaslik lozim», degandi u MDH mamlakatlari rahbarlari sammitida.

Rossiya prezidenti shuningdek, Afg‘oniston hali ham dunyodagi eng yirik afyun yetkazib beruvchi mamlakat ekanligini va toliblarga giyohvandlik moddalari ishlab chiqarishga qarshi kurashish qiyin bo‘lishini aytgan.

O‘z navbatida, rasmiy Toshkent hozircha Afg‘onistonning «Tolibon» harakati tomonidan tuzilgan yangi muvaqqat hukumatini tan olish uchun imkoniyat ko‘rmayapti. Bu haqda chorshanba kuni O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Moskvadagi xalqaro anjumanda aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalada xalqaro hamjamiyatning «afg‘on siyosiy maydonida muhim rol o‘ynovchi» asosiy ishtirokchilari bilan muvofiqlashtirilgan holda qaror qilinadi.

Top