07:48 / 22.10.2021
5169

Parijdagi kimoshdi savdosida dinozavr skeleti 6,65 million yevroga sotildi

Amerikalik noma'lum kolleksioner “Katta Jon” deb nomlangan tritseratops dinozavrining tosh qotgan suyaklarini kimoshdi savdosida 6,65 mln yevroga sotib oldi. Savdolar Parijdagi Drouot auksion uyida o‘tgan.

Foto: Reuters

Dinozavr skeleti dastlabki baholangan narxidan 4 karra qimmatroqqa sotilgan. Biroq bu dinozavr skeleti uchun to‘langan rekord summa hisoblanmaydi: bir oy oldinroq Nyu-Yorkda tirannozavr skeleti 31,8 mln dollarga sotilgan.

Ta'kidlanishicha, skeleti sotilgan tritseratops 66 mln yil avval AQShning hozirgi Janubiy Dakota shtati hududida yashagan. Paleontologlar dastlab dinozavr suyaklarining bir qismini aniqlashgan. So‘ngra bir yil ichida skeletning 60 foizini, jumladan 2,6 metrlik bosh suyagini topishga muvaffaq bo‘lingan. “Katta Jon” skeletining uzunligi 8 metrni tashkil qiladi. U fanga ma'lum bo‘lgan eng katta tritseratops hisoblanadi. Uning shoxlari uzunligi 1,1 metrni, eni esa 30 smni tashkil qiladi. Ular 16 tonnagacha bosimni ko‘tara oladi.

Xammasi bo‘lib skelet 200 dan ortiq suyakdan tashkil topgan bo‘lib, umumiy og‘irligi 700 kgdan ko‘proq. Tritseratops skeletini tiklagan mutaxassislarning ta'kidlashicha, dinozavr turli hodisalarga boy hayot kechirgan. Jumladan, bundan uning bo‘ynidagi jarohat darak beradi. U bu jarohatni boshqa erkak tritseratops bilan hududni himoyalash yoki urg‘ochi tritseratops uchun jangda olgan bo‘lishi mumkin.

“Katta Jon”ning Italiyada restavratsiyasiga boshchilik qilgan paleontolog Yakopo Brianoning aytishicha, u yetakchilik qilgan mutaxassislar dunyoda muqobili bo‘lmagan “haqiqiy shedevr”ni yaratishga muvaffaq bo‘lishgan. 

Top