13:27 / 23.10.2021
6207

420 mingdan ziyod saylovchi muddatdan avval ovoz bergani ma'lum qilindi

Foto: Kun.uz

14–20 oktabr kunlari 421 618 nafar saylovchi O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz bergan, deb xabar bermoqda Markaziy saylov komissiyasi axborot xizmati.

Saylov kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi. Shunga asosan saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar 14–20 oktabr kunlari davomida muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanishdi.

Muddatidan oldin ovoz bergan 421 618 nafar saylovchidan 301 094 nafari O‘zbekistondagi saylov uchastkalarida, 120 524 nafari esa chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalar huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berishgan.

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, muddatidan oldin ovoz berish jarayoni Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga qat'iy tayangan holda amalga oshirilgan, saylov jarayonida jamoat xavfsizligi, muddatidan oldin ovoz bergan fuqarolarning osoyishtaligi to‘liq ta'minlangan. Muddatidan oldin ovoz berish Saylov kodeksida belgilanganidek saylovga uch kun qolganda yakunlangan.

2021 yil 23 oktyabr – O‘zbekiston prezidenti saylovi doirasida “sukunat kuni” hisoblanadi. Ya'ni shu sanada va saylov kuni saylov tashviqoti olib borish taqiqlanadi.

Prezident saylovi 2021 yil 24 oktyabrga belgilangan. Saylovda «Milliy tiklanish»dan partiya yetakchisi Alisher Qodirov, O‘zLiDePdan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev, «Adolat» SDPdan partiya rahbari Bahrom Abduhalimov, Ekopartiyadan partiya raisi Narzullo Oblomurodov va XDPdan Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova O‘zbekiston prezidentligi uchun kurash olib borishadi.

MSK ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi saylovchilar soni qariyb 21,2 million kishini tashkil qiladi

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top