19:24 / 23.10.2021
22041
“O‘zbekneftgaz” benzin narxi yuzasidan axborot berdi

Kompaniya benzin ishlab chiqarish rejasini ortig‘i bilan bajarayotgani, Brent nefti narxi 1,7 barobarga oshgan bo‘lsa-da, “O‘zbekneftgaz” AYoQShlarida AI-80 benzini 1,15 barobarga qimmatlashgani ma'lum qilindi.

Foto: Reuters

Aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida AI-80 markali benzin narxi oshib ketishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda, deya Kun.uz'ga ma'lum qildi “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida 562,4 ming tonna benzin ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda 654,9 ming tonna ishlab chiqarilgan. Bu – prognozga nisbatan 16,4 foizga ko‘proq (o‘sish sur'ati 105,6 foizni tashkil qilgan).

“Yanvar-sentabr oylarida 524,6 ming tonna AI-80, 81,1 ming tonna AI-91, 43,9 ming tonna AI-92, 5 ming tonna AI-95, 0,3 ming tonna AI-98 markali benzin ishlab chiqarildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan benzinning asosiy qismini, ya'ni 80,1 foizini AI-80 markali benzin tashkil qilmoqda.

“Brent markali neftning jahon birjalaridagi kotirovka narxi 1 barreli uchun 83-85 AQSh dollarni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 1,7 barobarga oshgan bo‘lsa ham, “O‘zbekneftgaz” tasarrufdagi AYoQShlarda 1 litr AI-80 benzini 5 900 so‘m chakana narxda (Toshkent sh.) sotilmoqda yoki yil boshiga nisbatan 1,15 barobarga qimmatlashgan”, – deyiladi kompaniya axborotida.

“O‘zbekneftgaz” izohiga ko‘ra, AI-91, AI-92, AI-95 markali benzinlarning asosiy hajmi import xomashyosidan ishlab chiqarilishi yoki tayyor holda bozor kon'yunkturasidan kelib chiqib jahon kotirovkalariga bog‘langan holda import qilinishi bois mazkur turdagi benzin narxlari nisbatan yuqoriroq.

Rasmiy relizda ta'kidlanishicha, hukumatning tegishli qarorlari bilan 2017 yil 15 noyabrdan boshlab AI-92, AI-93, AI-95 va AI-98 markali, 2019 yil 15 avgustdan boshlab AI-91 markali, 2020 yil 1 maydan boshlab AI-80 markali benzin chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan va ushbu mahsulotlarni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Top