18:53 / 27.10.2021
2702
BMT bosh kotibi jahon hamjamiyatini Afg‘oniston iqtisodiyotini qutqarishga chaqirdi

Avvalroq Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I AQSh va G‘arb davlatlarini Afg‘onistondan sanksiyalarni olib tashlashga chaqirgandi.

Foto: Reuters

Afg‘oniston iqtisodiyoti to‘liq inqirozga yuz tutmasligiga yordam berish uchun jahon hamjamiyati mamlakatlari birgalikda ishlashi lozim, dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

“Biz Afg‘oniston iqtisodiyoti butkul inqirozga uchramasligi yo‘lini topishimiz kerak. Mamlakat iqtisodiyotini yana nafas olishga majbur qilish uchun birgalikda ishlashimiz lozim”, — dedi u Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar uchrashuvi ishtirokchilariga murojaatida.

BMT bosh kotibining qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun uning likvidligini oshirish darkor.

Avvalroq Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I AQSh va G‘arb davlatlarini Afg‘onistondan sanksiyalarni olib tashlashga chaqirgandi.

Van Ining so‘zlariga ko‘ra, barcha tomonlar Afg‘onistonning o‘zini tiklashiga yordam berish uchun “Tolibon” bilan oqilona va pragmatik tarzda muloqot o‘rnatishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, Tehronda Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar (Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) uchrashuvi o‘tkazilmoqda.

Top