15:39 / 27.10.2021
32910

Hisob-kitobsiz nikoh: yapon malikasi oddiy fuqaroga turmushga chiqdi

Yaponiya malikasi Mako universitetdagi kursdoshi KeyKomuroga turmushga chiqdi. Komuro - oddiy oiladan va u bilan nikoh Makoni imperatorlik xonadoni a'zosi maqomidan mahrum qiladi.

Nicolas Datiche / Reuters / Scanpix / LETA

Malika Mako — Yaponiya valiahd shahzodasi Akisino Fumixitoning qizi, imperator Akixitoning nabirasi — Tokiodagi xristian universitetida o‘zi bilan birga o‘qigan Key Komuroga turmushga chiqdi.

Juftlikning nikohi Sibuya munitsipalitetida rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Nikohni qayd etish jarayonida kelin-kuyov shaxsan ishtirok etmagan, barcha hujjatlarni ularga imperator sudi hay'ati vakili olib kelgan. 

Nikohdan keyingi matbuot anjumanida endilikda sobiq malikaga aylangan Mako Komuro nikohi bilan bog‘liq xavotirlar uchun uzr so‘rab, Key Komuro — uning hayotining «ajralmas qismi» ekani, u bilan nikoh — «zarur qaror» bo‘lganini ta'kidladi.

Key Komuro ham ularning nikohidan norozi bo‘lganlardan uzr so‘rab, ularni qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik bildirdi.

Oddiy fuqaro bilan nikoh qurib, Mako yapon qonunlariga ko‘ra o‘zining malika maqomini yo‘qotdi. Yapon an'analariga ko‘ra, bu maqomni yo‘qotish faqat ayollarga taalluqli bo‘ladi: imperatorlik oilasining erkak jinsidagi vakili kelib chiqishiga ko‘ra zodagonlarga mansub bo‘lmagan ayolga uylansa ham bu imtiyozni saqlab qoladi.

Malika Mako - imperatorlik oilasining imperatorlarga xos an'anaviy to‘y marosimi o‘tkazishdan voz kechgan, shuningdek, turmushga chiqish vaqtida yapon malikalariga taqdim etiladigan, 150 million iyena (taxminan, 1,3 million dollar) miqdoridagi bir martalik to‘lovni olishdan bosh tortgan ilk vakili bo‘ldi. 

Malika Mako singlisi, malika Kako bilan xayrlashmoqda Kyodo/via REUTERS

Endi juftlik bir muddat Tokioda yashashi, keyin esa AQShga jo‘nab ketishi kutilmoqda, chunki malikaning turmush o‘rtog‘i advokat Komuro Amerika yuridik firmasida ishlaydi. Matbuotda yoshlarni Britaniya qirollik oilasi vakillari shahzoda Harri va Megan Marklga qiyoslashmoqda, ular ham to‘ydan keyin qirollik saroyini tashlab ketishgandi.

Yaponiya valiahd shahzodasi Akishino, uning rafiqasi Kiko va oilaning ikkinchi qizi malika Kako Makoni kuzatishmoqda. Kyodo/via REUTERS

Megan Markl bilan bo‘lganidek, bo‘lajak to‘y arafasida Komuroning Yaponiyaga kelishidan keyin mahalliy matbuot uning har bir qadamini diqqat bilan kuzatib bordi. Xususan, uni «yarashmagan» soch turmagi uchun tanqid qilishdi - yapon malikasi bilan turmush qurayotgan yigit sochlarini bu tarzda o‘stirib dum qilib yig‘ib yurmasligi kerakligi haqida yozildi.

Yoshio Tsunoda/Global Look Press

Malika Mako va Key Komuro (ikkisi ham 30 yoshda) Tokiodagi Xalqaro xristian universitetida tahsil olish vaqtida tanishib qolishgan.

2017 yilda, hali talaba ekanida ushbu juftlik unashtirilgani e'lon qilingandi, shundan keyin ularning nomi yapon tabloidlari sahifalaridan tushmay keladi. Imperator saroyi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Mako uchun bunday ortiqcha e'tibor izsiz ketmagan: u ruhiy tushkunlik asoratlaridan davolanishiga to‘g‘ri kelgan. Yaqinda kelinga og‘ir ruhiy kasallik tashxisi qo‘yilgan, uni saroy shifokorlari «travmatik stress buzilishining bir shakli» deb ta'riflagan.

Keyin Komuro yurisprudensiya bo‘yicha daraja olish uchun Nyu-Yorkka otlanadi. Mako Yaponiyada qolib, Tokio universiteti muzeyida tadqiqotchi bo‘lib ishlaydi - uning san'atshunoslik va muzey ishlari bo‘yicha ilmiy darajasi bor.

Mako va Key Komuroning to‘yi 2018 yil noyabrida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo imperatorlik xonadoni to‘y kechiktirilgani haqida e'lon qiladi.

Bu vaqtda matbuotda Komurolar oilasi og‘ir moliyaviy holatga tushib qolgani haqida xabar tarqaladi. To‘y marosimiga yarim yil qolganida Key Komuroning onasining yaqin do‘sti matbuotda mojaroli chiqish qiladi, uning aytishicha, Komuro xonim undan turmushga chiqishni va'da qilgan holda katta miqdorda qarz oladi. Lekin va'dasini bajarmaydi, Key Komuroning onasi pulni qaytarishdan bosh tortadi.

To‘y qoldirilgach, kuyov Yaponiyani tark etib, ishlash uchun AQShga ketadi. U vatanga faqat 2021 yilda qaytadi. Joriy yil aprelida Komuro bu mablag‘ni to‘lashga tayyorligini bildiradi.

Imperatorlik saroyi to‘y marosimi kechiktirilishi Komurolar oilasidagi vaziyat bilan bog‘liqligini rad etgan, ammo malikaning otasi, valiahd shahzoda Akishino Fumixito bir safar to‘ygacha barcha moliyaviy masalalarni hal qilib olish muhimligini aytadi.

Imperatorlik oilasi farzandining oddiy odam bilan turmush qurishi Yaponiyada ko‘pchilikka yoqmadi. Uning qarori konservativ yaponlarning g‘azabini qo‘zg‘atdi, hatto nikoh kuni ham Tokiodagi xiyobonlardan birida norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Associated Press nashrida yozilishicha, malikaning tanlovi imperatorlik oilasidagilarga ham ma'qul kelmagan, lekin bu borada hech qanday rasmiy ma'lumot yo‘q.

To‘y kuni Tokiodagi parklardan birida Mako va Komuroning nikohiga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi

BBC’ning Tokiodagi korrespondenti Hidexaru Tamuraning aytishicha, malika Mako - imperatorlik oilasining oddiy odam bilan muhabbati tufayli jabrlanuvchiga aylangan ilk vakili emas. Mako 1947 yilda Imperator sudining merosxo‘rlikni tartibga soluvchi qonuni qabul qilingandan beri oilada oddiy yaponga turmushga chiqqan to‘qqizinchi ayol bo‘ldi. Yapon urf-odatlari ayollarning taxtga merosxo‘r bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi, shuning uchun malikalar baxtli oila qurish uchun o‘z unvonini qurbon qilishi uchrab turadi.

20 yil muqaddam uning buvisi, malika Emerita Michiko asabiylik tufayli vaqtincha ovozini yo‘qotadi - yapon nashrlari uni imperatorning rafiqasi bo‘lishga noloyiq deb hisoblashadi. Uning xolasi, imperatritsa Masako shahzoda tug‘ib bermagani uchun bildirilgan ayoblovlardan tushkunlikka tushadi. 2019 yilda otasi Akixito o‘rniga imperator bo‘lgan Naruxito va malika Masako oilasida hamon o‘g‘il farzand yo‘q. 

Imperatorlik oilasidagi ayollar ma'lum majburiyatlarni ado etishi talab etiladi: ular turmush o‘rtog‘ini doim qo‘llab-quvvatlashi, merosxo‘r tug‘ib berishi va yapon an'analarini saqlab qolishi kerak. Qoidalardan har qanday chekinish ayovsiz tanqidlarga sabab bo‘ladi.

Mako turmushga chiqib, malika maqomidan xalos bo‘lsa-da, unga va uning nikohiga tanqidlar to‘xtamayapti.

Mako endi mamlakatning oddiy fuqarolari kabi hayot kechirishiga ko‘nikishiga to‘g‘ri keladi. Xususan Nyu-Yorkka borish uchun viza olishi kerak, undan oldinroq - birinchi pasportini.

Mavzuga oid
Top