07:42 / 27.10.2021
4639
Shubhali pul operatsiyalarini to‘xtatib turish tartibi o‘zgardi
Foto: Reuters

Bosh prokuror buyrug‘i bilan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning operatsiyalarini to‘xtatib turish, pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkini ishga solmay to‘xtatib qo‘yish, ishga solmay to‘xtatib qo‘yilgan mol-mulkidan foydalanishga ruxsat berish va operatsiyalarini tiklash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatini shakllantirish hamda ushbu ro‘yxatni pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarga yetkazish tartibi belgilangan.

Ro‘yxat O‘zbekiston vakolatli organlari tomonidan taqdim etiladigan ma'lumotlar, shuningdek chet davlatlarning vakolatli organlaridan hamda xalqaro tashkilotlardan rasmiy kanallar orqali olingan ma'lumotlar asosida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan shakllantiriladi.

DXX, IIV, Bosh prokuratura va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakolatli organlar hisoblanadi. Ro‘yxatni shakllantirish uchun maxsus vakolatli davlat organiga nizomning 6-bandida nazarda tutilgan ma'lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini ilova qilingan holda taqdim etadilar. Ma'lumotlar olingan paytdan boshlab yoki shaxsni ro‘yxatga kiritish uchun asoslar yuzaga kelgan vaqtdan boshlab bir ish kuni mobaynida taqdim etiladi. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ma'lumotlar «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» yagona axborot tizimidan foydalangan holda ham olinadi.

Olingan ma'lumotlar to‘liq bo‘lmasa yoki noaniq bo‘lsa, maxsus vakolatli davlat organi qo‘shimcha ma'lumot olish uchun ma'lumotlar bazalaridan foydalanadi yoki tegishli vakolatli organlarga murojaat qiladi, ular so‘rovni olgan kundan uch ish kuni davomida qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim etadilar. Bundan ularni taqdim etish uchun xorijiy davlatlarning vakolatli organlari yoki xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish zarur bo‘lgan holatlar mustasno. Qo‘shimcha ma'lumotlar olinguniga qadar maxsus vakolatli davlat organi ushbu masala hal etilgunga qadar mazkur shaxslarning operatsiyalarini 30 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Maxsus vakolatli davlat organi quyidagi muddatlarda ro‘yxatni shakllantiradi hamda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi: ma'lumotlar BMT Xavfsizlik kengashining rasmiy veb-saytidan olingan vaqtdan boshlab bir soat ichida; ma'lumotlar vakolatli organlardan yoki xorijiy davlatlarning vakolatli organlaridan kelib tushgan yoxud «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» yagona axborot tizimidan olingan vaqtdan boshlab darhol, biroq ish kuni tugamasdan.
 
Maxsus vakolatli davlat organi ro‘yxatni shakllantirgan yoki unga tegishli o‘zgartirishlar kiritgandan so‘ng bir soat ichida uni pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarga yetkazadi. Tashkilotning mas'ul xodimi (tarmog‘i) uch soat ichida ro‘yxatni ushbu tashkilotning tegishli xodimlariga (tarmoqlariga), shu jumladan mijozlar bilan bevosita ishlaydigan xodimlarga (tarmoqlarga) yuborilishini va (yoki) undan foydalanish imkoniyatini ta'minlashi shart.

Tashkilotlar quyidagi holatlarda kechiktirmasdan va oldindan xabar qilmasdan operatsiyani amalga oshirishni to‘xtatib turadi va (yoki) pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkini ishga solmay to‘xtatib qo‘yadi: mijoz yoki operatsiya qatnashchilaridan birining identifikatsion ma'lumotlari ro‘yxatga kiritilgan shaxsning ma'lumotlari bilan to‘liq mos kelganda; ro‘yxatga kiritilgan shaxsning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulki aniqlangan taqdirda.

Tashkilot bir ish kunidan kechiktirmasdan shubhali operatsiya to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilishi shart.

Nizomda quyidagilar belgilangan:

  • terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ro‘yxatdan chiqarish tartibi;
  • shaxslarni ro‘yxatga kiritish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat berish tartibi;
  • to‘xtatib turilgan operatsiyalarni tiklash, pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yishni bekor qilish va ulardan foydalanishga ruxsat berish tartibi;
  • operatsiyalarni to‘xtatib turish va (yoki) pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yish masalalariga doir xalqaro hamkorlik.
Mavzuga oid
Top