11:02 / 27.10.2021
2788
Sudan bosh vaziri bir kun hibsda ushlab turilgandan keyin qo‘yib yuborildi

Sudanning harbiylar tomonidan hibsga olingan bosh vaziri Abdulla Hamduk va uning rafiqasiga uyiga qaytishga ruxsat berildi. Bundan bir kun avval Hamduk va hukumatning yana bir necha a'zosi harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatilgandi.

Foto: Mahmoud Hjaj/Anadolu Agency via Getty Images

Hamdukning bayonotida hukumatning hibsga olingan qolgan azolari va boshqa siyosatchilar hamon hibsda ushlab turilgani, ularning qayerdaligi noma'lumligi aytilgan.

Bosh vazir hozirda poytaxt Xartumdagi uyida qat'iy kuzatuv ostida qolmoqda.

Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish sudanlik harbiylarni Hamdukni, Sudan bo‘yicha xalqaro uchlik: AQSh, Britaniya va Norvegiya esa barcha hibsga olingan amaldorlarni ozod etishga chaqirgandi.

AQSh bosh kotibi Entoni Blinken Sudan bosh vaziri bilan ozod etilgandan keyin telefon orqali suhbatlashgan. Blinken Hamdukning ozod etilishini qutlagan va boshqa amaldorlarni ham qo‘yib yuborishga chaqirgan.

Sudanda 24 oktyabrdan 25 oktyabrga o‘tar kechasi harbiy to‘ntaruv amalga oshirilib, Hamduk va hukumatning bir necha a'zosi hibsga olindi. Mustaqil kengash rahbari, general Abdulfattoh al-Burhon hukumatni tarqatib, mamlakatda favqulodda holat rejimi kiritilishi va mas'uliyatli hukumat shakllantirilishini e'lon qilgan.

Uning ta'kidlashicha, mamlakatdagi siyosiy kuchlar o‘rtasidagi ziddiyatlar armiyani vaziyatga aralashishga majbur qilgan.

“Mamlakatni mustaqil texnokratlar hukumati boshqaradi. Unda jamiyatning barcha qatlamlari vakillari bo‘ladi”, deb aytgan al-Burhon.

Hamduk hibsga olingandan keyin aholini tinch namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan. Biroq uning chaqirig‘iga javoban harbiylarga qarshi norozilik namoyishlari avj olgan va ular tartibsizliklarga aylanib ketgan. Namoyishchilar armiya bosh qarorgohiga yaqinlashishga uringanda, harbiylar tomonidan o‘qqa tutilgan. Hodisa oqibatida qurbonlar va jabrlanganlar bor.

2019 yilda Sudanni 26 yil davomida boshqargan prezident Umar al-Bashir harbiylar tomonidan hokimiyatdan ag‘darilgandi. Shundan keyin mamlakatni harbiylar va fuqarolik o‘tish davri hukumati boshqarib kelayotgandi.

Texnokratlar hukumati deganda, o‘z sohasi bo‘yicha malakali mutaxassislardan tashkil topgan hukumat tushuniladi. Bunday tizim iqtisodiyot iqtisodchilar, siyosat siyosatshunoslar, sog‘liqni saqlash tizimi tibbiy mutaxassislar, boshqa sohalar esa o‘z sohasi bilimdonlari tomonidan boshqarilishini ko‘zda tutadi.

Mavzuga oid
Top