10:22 / 28.10.2021
587
Sirdaryoda sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida 26,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgan

Sirdaryo viloyatida joriy yilning 9 oyi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida 225 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida 299 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 74 nafari qamoqqa olingan va aksariyat qismi sud hukmi bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu haqda viloyat prokurori Shohrux Aminov 2021 yil 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Javobgarlikka tortilganlarning 48 nafari viloyat va 251 nafari tuman (shahar) darajasidagi xizmatchilar hisoblanadi. Jinoyat sodir etgan davlat xizmatchilari hududlar kesimida tahlil qilinganda, Guliston shahrida 80, Boyovut tumanida 39, Yangiyer shahrida 28, Sirdaryo tumanida 24, Mirzaobod tumanida 23, Oqoltin va Sayxunobod tumanida 21, Guliston va Sardoba tumanida 20, Xovos tumanida 17 va Shirin shahrida 6 nafarni tashkil etadi.

Ushbu sodir etilgan jinoyatlar oqibatida davlatga 26 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlanib, ushbu zararlarning qariyb 85 foizi dastlabki tergov jarayonida undirilishi ta'minlandi. Zararning qolgan qismini ham bugungi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishlari doirasida undirish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Kun.uz

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Guliston shahrida 9,8 mlrd so‘m, Yangiyer shahrida 2,8 mlrd so‘m, Sayxunobod tumanida 2,4 mlrd so‘m, Sardoba va Xovos tumanida 2 mlrd so‘mdan bo‘lib, qolgan hududlarga nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan.

Bular ayniqsa qurilish (76 nafar), xalq ta'limi (36), sog‘liqni saqlash (15), bank (13) va maktabgacha ta'lim (9) sohalarida ko‘proq uchragan. Xususan, qurilish sohasidagi talon-torojliklar bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdori qariyb 12 mlrd so‘mni tashkil etadi. «S.S.» MChJ rahbari J. Sirdaryo tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasasi, Guliston va Mirzaobod tumanidagi ichimlik va oqova suvi tizimi qurilishida 2,807 mlrd so‘mlik ish hajmini hisobotlarga qo‘shib yozib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Hozirgi kunda sud oldida javob bermoqda.

Foto: Kun.uz

Boyovut tumani xalq ta'limi bo‘limi muhandisi A. fuqaro E.dan maktablarni isitish tizimini ta'mirlash ishlari bo‘yicha «F.S.» MChJ bilan shartnoma tuzib berish evaziga 1400 AQSh dollari va 300 ming so‘m pullarni pora tariqasida olgan vaqtida ushlangan.

Top