15:27 / 29.10.2021
38407
Afg‘on muammosi, mintaqaviy hamkorlik va yangi “sovuq urush” alomatlari. Abdulaziz Komilov Rossiya telekanaliga intervyu berdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Rossiya 24” telekanaliga intervyu berdi. Unda “Tolibon” harakati bilan munosabatlar va umuman afg‘on muammosi, mintaqaviy hamkorlik haqida so‘z bordi. Tashqi ishlar vaziri dunyoda yangi “sovuq urush” alomatlarini kuzatayotganini bildirar ekan, yirik davlatlar o‘rtasida raqobat keskin tus olayotganini ta'kidladi. Quyida intervyudan asosiy tezislar bilan tanishishingiz mumkin.

Foto: TIV axborot xizmati

Rossiya va O‘zbekiston munosabatlaridagi dolzarb mavzular haqida

Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlariga e'tibor qaratishni istardim.

Birinchidan, bugungi kunda hamkorlikning siyosat, iqtisodiyot, madaniy-gumanitar aloqalar, texnologiyalar, ta'lim va tibbiyot singari keng qamrovli kun tartibi shakllangan.

Ikkinchidan, ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida o‘zaro ishonchning eng yuqori darajasiga erishildi. Bizning munosabatlarimiz yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat qoidalariga asoslangan.

Qayd etishni istardimki, tomonlar so‘nggi yillarda madaniy-gumanitar aloqalarga katta e'tibor qaratmoqda. Bu esa boshqa sohalardagi hamkorlik rivojiga ham ijobiy ta'sir qilmoqda. O‘zbekistonda Rossiyaning 15ta yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallari faoliyat yurityapti, rus tilini o‘rganish markazlari tashkil etilmoqda, madaniy markazlarga har tomonlama ko‘mak berilmoqda.

Bundan tashqari, bizning munosabatilarimiz milliy va mintaqaviy xavfsizlik muammolari bilan bog‘liq bo‘lgan muhim strategik yo‘nalishga ham ega. Bir so‘z bilan aytganda, aloqalarimiz butunlay yangi bosqichga chiqdi. Amaliy jihatdan bizlarning strategik hamkorligimiz va ittifoqdoshligimiz aniq tarkib bilan to‘lmoqda.

Afg‘on muammosining ayrim jihatlari haqida

Aslida, O‘zbekiston va Rossiyaning afg‘on muammosi borasidagi qarashlari bir-biriga mos tushadi. Bu esa, afg‘on masalasidek o‘tkir muammo bo‘yicha qo‘shma harakatlarimizga ishonchli asos yaratadi.

E'tibor berish kerak, Afg‘oniston muammosi bo‘yicha Moskva formatida hal etilishi lozim bo‘lgan asosiy muammolar xotirjam holatda, bir-birini ayblamagan holda sanab o‘tildi. Asosiy xulosa shu bo‘ldiki, toliblar bilan ishlash kerak.

“Tolibon” bilan munosabatlar haqida

Afg‘oniston bilan munosabatlarimizga to‘xtaladigan bo‘lsak, biz “Tolibon” harakati bilan 90-yillardayoq aloqa o‘rnatganmiz. 1999 yili O‘zbekistonda, hozirda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri v.b. Amir Xon Muttaqiy rahbarligidagi delegatsiya ishtirokida anjuman tashkil etganmiz.

Sergey Lavrov Moskva formatidagi kengashda “bu bor holat va buni rad etib bo‘lmasligi” haqida fikr bildirdi. Shuning uchun ham ushbu yo‘nalishda birgalikda ishlash kerak. Boshqa muqobili yo‘q.

Bevosita aloqaga ega bo‘lish, ta'sir o‘tkazishga urinish, qo‘llab-quvvatlash va yordam berish bir masala bo‘lsa, boshqa qit'ada bo‘lib, inklyuziv hukumat tashkil etishni talab qilish boshqa masaladir. Bular turli narsalar.

Afg‘onlar va musulmon dunyosidagi hamkorlarimiz bilan muloqotlarimiz tajribasidan kelib chiqib ayta olamanki, Sharqda ko‘plab muhim masalalar yechimi o‘ziga xos jihatlarga ega, shu bois muammolarni hal qilishning mavjud standart yechimlari har doim ham samarali bo‘lavermaydi. Shuning uchun ham biz (afg‘on hamkorlarimiz bilan) doimiy aloqalarga ega bo‘lishga harakat qildik.

“Tolibon” delegatsiyasi bilan Termiz uchrashuvi haqida

Shu kunlarda Termizga janob Hanafiy rahbarligidagi delegatsiyani taklif etdik. Afg‘on muvaqqat hukumatining deyarli barcha a'zosi ushbu muzokaralarda qatnashdi. Unda nafaqat hokimiyatning vertikali bo‘ylab, balki amalda chegaradagi xavfsizlik, iqtisodiy aloqalar, savdo, insonparvarlik yordami ko‘rsatish, ta'lim kabi har bir jabhadagi vazirlik va idoralar o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishi uchun hokimiyat gorizontali darajasida ham hamkorlik qilishga kelishib olindi. Mamlakatimizda afg‘on talabalari tahsil oladi va ular ta'limni davom ettiradi.

Yangi hukumatning ayrim qadamlarini qo‘llab-quvvatlamoqdamiz

Bir so‘z bilan aytganda, (Afg‘oniston) yangi hukumati haqiqatan ham mintaqaviy va jahon hamjamiyatiga integratsiya bo‘lishni istaydi. Ular ayrim ijobiy qadamlarni tashlashga tayyor. Tabiiyki, 40 yillik urush va turli g‘oyalar mavjudligidan so‘ng, o‘zgarishlar qiyinchilik bilan amalga oshadi. Shunga qaramay, ular biz qo‘llab-quvvatlayotgan, rag‘batlantirayotgan ayrim qadamlarni tashlamoqda va biz shu yo‘nalishda ular bilan ishlashda davom etamiz.

Afg‘oniston jahon hamjamiyatining bir qismi bo‘la oladi

O‘zbekiston bilan chegaradosh Balx viloyatiga safarimizdan keyin kelasi kundan qizlar maktablarga bora boshladi. Bundan boshqa viloyatlar ham o‘rnak ola boshladi. Toliblar va'da berishicha, ayollar ta'lim, tibbiyot va boshqa sohalarda ishlashda davom etadi. Ya'ni asta-sekinlik bilan barchasi o‘zgarmoqda. Albatta, Afg‘onistonning o‘ziga xos jihatlari bor. U o‘z an'analari, dini va qadriyatlariga ega bo‘lgan musulmon davlati. Shu bilan birga, fikrimizcha, Afg‘oniston mintaqaviy hamkorlik hamda jahon hamjamiyatining bir qismi bo‘lishga arziydi va bo‘la oladi. Buning uchun ular bilan ishlash kerak.

Ko‘p qirrali tashqi siyosat haqida

“Ko‘p qirrali” deganda qandaydir salbiy yoki rad etuvchi ma'noni tushunish kerak emas. Har qanday davlat ko‘p qirrali siyosat yuritishni istaydi. Ba'zilar buning uddasidan chiqa olishi, boshqalar turli sabablar tufayli buni uddalay olmasligi boshqa masala.

Bugungi kunda ko‘p qutbli dunyo shakllanmoqda. Shunday dunyoda yashab, bir tomonlama siyosatga tayanilsa, bunday siyosat yetarlicha samarali bo‘lmaydi va hatto aksilsamarali bo‘lishi ham mumkin. Qolaversa, bunday tashqi siyosat o‘ziga yarasha xatarlarni ham keltirib chiqarishi ehtimol.

Yirik davlatlar raqobati davom etmoqda

Yirik davlatlar raqobati xususida gapiradigan bo‘lsak, hayotiy baholasak, raqobat davom etmoqda. Bu hatto, tashqi tomondan o‘zaro yaqin davlatlar o‘rtasida ham kuzatilyapti. Shuning barobarida bu raqobat mintaqada ham bo‘lyapti. Bunday vaziyatda biz nima qilamiz, degan savol paydo bo‘ladi. Biz hozir qanday siyosat yuritayotgan bo‘lsak, shunday davom etamiz.

Yangi “sovuq urush” alomatlari ko‘zga tashlanmoqda

Yangi “sovuq urush”ning ilk alomatlari kuzatilayotgan bir vaqtda o‘zaro raqobat avj olmoqda. Bu esa, ayni jarayon oqibatlarini chuqurlashtiradi, chunki “dunyodagi vaziyat yanada qaltis tus ola boshlaydi. Bunday raqobat va musobaqa biz uchun qandaydir o‘zimiz istamagan siyosiy oqibatlarga olib kelishini istamagan bo‘lardik. Qaysidir tomon sababli ikkinchi tomon qabul qila olmaydigan o‘rin egallashimizga majbur qiladigan holatga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Oson bo‘lmagan bu vazifa jiddiy diplomatik amaliyotni talab qiladi.

Umuman olganda, O‘zbekistonning bu borada tajriba bor, boisi Markaziy Osiyo o‘zining geostrategik joylashuvi bilan har doim diqqat markazida bo‘lib kelgan. Albatta, hech kim qandaydir oqibatlar bo‘lishini istamaydi.

Afg‘on muammosi “sovuq urush” oqibatidir

Agar afg‘on muammosining ilk sabablariga qaytadigan bo‘lsak, bu muammo ikki siyosiy tuzumning “sovuq urush” davridagi qattiq qarama-qarshiligi oqibatidir. Keyinchalik, voqealar boshqacha rivojlandi.

Shuning uchun biz hozirgi tutgan pozitsiyamizni davom ettiramiz. Bu borada aniq qarashlarimiz va dasturimiz bor. Biz kim bilandir ziddiyatga kirishishni istamaymiz va o‘zimizning milliy manfaatlarimizdan kelib chiqamiz.

Mintaqaviy hamkorlik haqida

So‘nggi yillarda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda ikki tomonlama masalalarni hal etish borasida, hatto eng qaltis sohalarda to‘planib qolgan mavzularda ham ulkan ishlar qilindi. Markaziy Osiyo birdamligi va o‘zaro yaqinlashish jarayonlarini mustahkamlash uchun, birinchi navbatda, ikki tomonlama muammolarni hal etgan holda umummintaqaviy masalalarni hal etishga o‘tish zarur.

Mintaqada davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, suv zaxiralaridan ratsional foydalanish, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda katta ishlar amalga oshirildi. O‘zaro ishonch va iliq muhit mintaqaviy xavfsizlik masalalarini xotirjam muhokama qilish imkonini bermoqda.

Istiqbolga to‘xtaladigan bo‘lsak, ochiq aytish kerak: biz ko‘p narsani hal qildik, ammo qiladigan ishlarimiz ko‘p. Ammo, butunlay boshqacha siyosiy muhit vujudga kelgani sababli ularni hal etish oson bo‘ladi. Murakkab muammolarga barham berish borasida esa, yetarli tajribaga egamiz. 

Top