20:54 / 29.10.2021
21417

Dunyo 3D shaklda birlashishi mumkin – yangi metavers tarmog‘ini qanday tasavvur qilamiz?

Yaqinda Facebook kompaniyasining nomi Meta’ga o‘zgardi. Bu o‘zgarish kompaniya tarkibidagi Facebook, Instagram va Whatsapp’lar nomiga ta'sir qilmaydi. Ijtimoiy tarmoqlar o‘z nomida qolaveradi. Xo‘sh, Facebook nega Meta’ga o‘zgardi, Tsukerberg o‘zi nima qilmoqchi?

Foto: Getty Images

Raqamli va jismoniy olam birlashadigan bo‘shliq

Tsukerberg yangi “Metaverse” deb nomlangan tarmoq qurishni reja qilayotgani haqida e'lon qildi. Buning uchun Yevropadan 10 000 ishchi yollashni boshlaganini ham ma'lum qilgan. Taxminlarga ko‘ra, metaverc – internetning kelajagi bo‘lishi mumkin. Tsukerberg Meta kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarini ham metavers bilan bog‘lashni maqsad qilgan. Metaversni aynan qanday tasavvur qilsak bo‘ladi? Bu insoniyatning jismoniy holatidan tashqaridagi olammi?

Foto: Oculus

Mutaxassislar metaversni virtual reallikka o‘xshatmoqda, biroq undan ancha rivojlangan va mukammalroq bo‘ladi degan fikrda. VR orqali tasvirlarni 3D shaklda ko‘rish mumkin.

Metaverse atamasi ilk bor Nil Stayvensonning “Snow Crash” asarida ilmiy-fantastik kitobida haqiqiy dunyodan farq qilmaydigan raqamli olam sifatida tasvirlangan. “The Matrix” va “Ready Player One” kabi filmlarda ham metavers haqida taxminiy farazlar mavjud.

Metaversda o‘zingizni virtual shaklingizni yaratasiz

Hozir raqamli olamning barcha turlari bilan bog‘lanish kompyuter yordamida amalga oshayotgan bo‘lsa, metaversda bu ishni maxsus ko‘zoynak taqqan holda bajarish kerak bo‘ladi.

Foto: iStock/Metamorworks

Virtual reallikdan farqi unda raqamli texnologiya bilan bog‘liq juda ko‘p sohalar, videokonferensiyalar, Minecraft, Roblox kabi o‘yinlar, kriptovalutalar, elektron pochta, VR, konsert, kino, musiqa, jonli efirlar, ijtimoiy tarmoqlar 3D shaklida birlashib ketgan bo‘ladi. Metaversni taxminan shunday tasavvur qilish mumkin: “Facebook yoki Microsoft team’da 3D avataringizni yaratasiz. Bu avatar yordamida virtual uchrashuvlarda qatnashasiz. Ishdan keyin sizning avataringiz, ya'ni virtual siz qandaydir konsertga borasiz. Konsert tugagach, sizga biror kiyimni xarid qilish topshiriladi va siz onlayn do‘kondan kriptovalutaga kiyim sotib olasiz. Va uni ertangi virtual ishingizga kiyib borasiz. Qizig‘i, bu kiyimni hamkasblaringizdan biri sizdan qarzga sotib olib, o‘zi xohlagan joyga kiyib borishi mumkin bo‘ladi”.

“2031 yilgacha barchamiz metavers deb ataladigan virtual tarmoqda yashaymiz”

Odatda virtual va kengaytirilgan olamlar haqidagi tasavvurlar ma'lum bir yillarda paydo bo‘lib, keyin ko‘pchilikning esidan chiqib ketgan. Bunday hodisa metavers bilan ham sodir bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Biroq Tsukerbergning aytishicha, unda metaversni rivojlantirish bo‘yicha jiddiy rejalar bor. Jumladan, Facebook metaversda aloqada bo‘lish uchun yangi “aqlli” ko‘zoynaklar tayyorlash bo‘yicha ish boshlagan. Ish yakuniga yetsa, foydalanuvchilar asta-sekin smartfonlardan uzoqlashib, ko‘zoynaklarga o‘tadi. Tsukerberg 2031 yilga borib, barchamiz metavers deb ataladigan virtual tarmoqda ham yashab, ham ishlashni boshlaymiz, degan fikrda.

Shuningdek, metaversda masofadan turib ishlash imkoniyati ham kengroq bo‘ladi. Facebook oldinroq Workplace va Horizon deb nomlangan tarmoqlarda kompyuter orqali masofadan guruh bo‘lib ishlash bo‘yicha tajriba o‘tkazib ko‘rgandi. Bu ikkala tarmoqda ham virtual avatarlardan foydalaniladi.

Foto: Facebook

Metavers telefonlar o‘rnini egallashi mumkinmi?

Bu savol hamon ochiqligicha qolmoqda. Ko‘pchilik bunday bo‘lishiga shubha qiladi. Chunki dunyoning aksar qismlarida hamon mobil aloqa xizmati past. Metaversning reallikka aylanishi uchun kamida 5G tarmoq kerak bo‘lishi mumkin. Balki bu ham kamlik qilib, 6G tarmoq uchun ehtiyoj sezilar. Bu – 1990 yillardagi texnologik sakrashga o‘xshab ketadi. O‘shanda internet matnlar va rasmlar uchun foydalanilgan bo‘lsa, keyinchalik u orqali savdo qilish, ma'ruzalarda qatnashish mumkin bo‘ldi, umuman internet butun hayotga uyg‘unlashib ketdi.

Metavers mozaikaga o‘xshaydi. 3D dunyolar, ish joylari, iqtisodiyot umuman hammasi metaversning qismlari bo‘la oladi. Ularning birlashishiga real hayotdagi devorlar to‘sqinlik qilyapti. Bu devorlarni buzib, qismlarni bitta mozaikaga terish minglab ixtirochilar va biznesmenlarning bo‘yniga tushadi.

Hozircha yangi tarmoq bo‘yicha ishlar dastlabki bosqichda turibdi. Agar Metavers evolyutsiyasi yuz bersa, texnologiya gigantlari o‘rtasida keyingi o‘n yillikda katta kurash boshlanishi shubhasiz.

Top