12:21 / 29.10.2021
3864

O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha BMT bilan hamkorlikka tayyorligini bildirdi

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov joriy yilning 26 oktabr kuni tashkilotning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Shavkat Mirziyoyevning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish borasidagi tashabbuslari haqida ma'lumot berdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Kun.uz’ga xabar qildi.

Foto: TIV axborot xizmati

Bosh Assambleyaning «Iqlim bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish: odamlar, sayyora va farovonlik uchun» oliy darajadagi yig‘ilishida chiqish qilgan O‘zbekiston vakili Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik halokat haqida ham eslab o‘tdi.

Shuningdek, Baxtiyor Ibragimov O‘zbekiston iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bioxilma-xillikni asrash masalalari hamda iqlim bo‘yicha Parij kelishuvida qo‘yilgan natijalarga erishishga jiddiy e'tibor qaratayotganini bildirdi.

«Umid qilamizki, BMTning ushbu konferensiyasi iqlim inqirozlariga qarshi kurash bo‘yicha jamoaviy harakatlarimizni faollashtiradi. O‘zbekiston BMT, uning ixtisoslashtirilgan agentliklari, a'zo davlatlar va boshqa manfaatdor taraflar bilan global iqlim muammosiga doir takliflar yuzasidan amaliy hamkorlik qilishga tayyorligini bildiradi», – dedi O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov.

 

Top