20:59 / 29.10.2021
8586

Tongada koronavirusga chalinish holati birinchi marta qayd etildi

Foto: Getty Images

Polineziyaning g‘arbida joylashgan Tonga orol davlatida koronavirusga chalinish holati ilk bor qayd etilgani ma'lum qilindi. Virus Yangi Zelandiyadan kelgan yo‘lovchida aniqlangan, deb xabar berdi Matangi Tonga mahalliy nashri.

Tonga bosh vaziri Pogiva Tuionetoa yo‘lovchi karantinga olinganini ma'lum qilgan. U Pfizer vaksinasi bilan emlanganiga qaramay virus yuqtirib olgan.

Kasallangan yo‘lovchi bilan birga samolyotda bo‘lgan yo‘lovchilar, Fuaamota xalqaro aeroportining samolyot kelgan vaqtda navbatchilik qilgan barcha xodimlari, tibbiy xodimlar, politsiyachilar ihotalangan. Yo‘lovchilar orasida mavsumiy ishchilar va Tonga Olimpiya terma jamoasi a'zolari ham bo‘lgan.

Yangi Zelandiyadan shimolda joylashgan Tonga orolida 106 ming kishi yashaydi. Ma'lumotlarga ko‘ra, qirollikning 31 foiz aholisi koronavirusga qarshi to‘liq, 48 foizi esa vaksinaning birinchi dozasi bilan emlangan.

Hozirda Kuk, Kiribati, Mikroneziya, Nauru, Niue, Tuvalu, Pitkern, Muqaddas Yelena, Tokelau orollarida pandemiyaning ikkinchi yilidan keyin ham hali birorta kasallanish holati qayd etilmagan.

Mavzuga oid
Top