09:29 / 29.10.2021
2298
Urgutda tez yordam va tug‘uruqxona majmualariga kirish yo‘li chetini to‘sib olgan fuqarolar ustidan sudga murojaat qilingani ma'lum qilindi
Foto: Kun.uz

Joriy yil 6 oktabr kuni Kun.uz’da «Yo‘l – mashinaniki, yo‘l cheti – «egalik», piyoda qayerdan yursin? O‘zbekistonning egasiz yo‘llari haqida» sarlavhasi bilan tanqidiy maqola e'lon qilindi. Maqolada Urgut tumanida tuman tibbiyot birlashmasiga kirish yo‘li cheti fuqarolar tomonidan egallab olingani va holatga mutasaddilar e'tibor bermayotgani tanqid qilingandi. Mazkur maqola yuzasidan Urgut tuman hokimligi munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Urgut tumani Navbog‘ mahallasi hududida joylashgan Urgut tuman Tibbiyot birlashmasiga kirish yo‘li hamda yo‘l chetida joylashgan qurilmalar tegishli mutaxassislar tomonidan joyida o‘rganib chiqilgan.

O‘rganishlar davomida Navbog‘ mahallasida yashovchi fuqarolar tomonidan tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli tez yordam va tug‘uruqxonaga kirish yo‘li shu mahallada yashovchi fuqaro tomonidan egallab olinganidan norozi bo‘lib qilgan murojaatlari inobatga olinib, tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

To‘plangan hujjatlar Urgut tuman hokimligining 2020 yil 5 iyundagi 03-01/400-sonli rasmiy xati orqali Urgut tuman IIB hamda Urgut tuman prokuraturasiga qonuniy qaror qabul qilish uchun yuborilgan.

Bundan tashqari, Urgut tuman Tibbiyot birlashmasining 2 ta asosiy kirish qismidagi yo‘laklar yoqasidagi temir panjaralar hamda fuqarolar tomonidan o‘rnatilgan 6 ta yengil konstruksiyali shoxobchalarni buzib olish bo‘yicha mulk egalariga tuman Qurilish bo‘limi tomonidan yozma ravishda ogohlantirish xatlari berilgan.

Joriy yil 20 oktyabr kuni 1392-sonli xat orqali tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan holda Urgut tuman IIB hamda Urgut tuman prokuraturasiga takroran yuborilgan.

«Shuningdek, Urgut tuman Qurilish bo‘limining 2021 yil 20 oktyabrdagi 1403-sonli xati hamda Kadastr agentligi Urgut tuman bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudiga 2021 yil 20 oktyabrdagi 03-21-sonli xati orqali da'vo ariza kiritildi.

Fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda o‘rnatilgan qurilmalar qonunchilikda belgilangan tartibda bartaraf qilingandan so‘ng Urgut tuman hokimligi tomonidan Urgut tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli tez yordam va tug‘uruqxona bo‘limlariga kirish yo‘li kengaytirilib, piyodalar yo‘laklarini tashkil qilish belgilab olindi», deyiladi munosabatda.

Top