15:03 / 30.10.2021
41350

AQSh milliy razvedkasi koronavirus kelib chiqishi to‘g‘risidagi yangi hisobotni e'lon qildi

Amerika maxsus xizmatlarining hisoblashicha, koronavirusning kelib chiqishi sababi bundan keyin ham jumboqligicha qoladi. Razvedka hamjamiyatining fikricha, Xitoy hukumati Uhanda koronavirus yuqtirish holatlari qayd etilguniga qadar SARS-CoV-2 mavjudligidan bexabar bo‘lgan.

Foto: Reuters

AQSh milliy razvedkasi direktori ofisi (ODNI) razvedka hamjamiyatining SARS-CoV-2 koronavirusi kelib chiqishi to‘g‘risidagi yangi hisobotini e'lon qildi.

Mamlakatning aksariyat razvedka tashkilotlari (AQSh razvedka hamjamiyati 17 tashkilotni o‘z ichiga oladi) virus biologik qurol sifatida ishlab chiqilmagan va gen muhandisligi yordamida yaratilmagan deb hisoblamoqda. Ammo ikkita tashkilot bunday deb hisoblash uchun ma'lumotlar yetarli emas degan fikrda.

Shu bilan birga, bitta tashkilot Covid-19ga chalinish bilan bog‘liq ilk holatlar laboratoriya bilan aloqador, Uhan virusologiya institutidagi tajribalar yoki zararlangan jonivorlar bilan muloqot natijasida kelib chiqqan degan xulosani bergan.

Razvedka hamjamiyatining fikricha, Xitoy hukumati Uhanda koronavirus yuqtirish holatlari qayd etilguniga qadar SARS-CoV-2 mavjudligidan bexabar bo‘lgan.

Hisobot mualliflari koronavirus kelib chiqishi borasida yakdil xulosaga kela olmagan. Asosan ikkita versiya ko‘rib chiqilmoqda: virusning hayvondan odamga o‘tishi yoki laboratoriya bilan bog‘liq hodisa.

Mualliflar koronavirus kelib chiqishi borasida uzil-kesil xulosaga kelish uchun Xitoy bilan hamkorlik qilish lozim degan fikrda. Ammo ta'kidlanishicha, Pekin global tekshiruvga to‘sqinlik qilishda davom etmoqda va boshqa mamlakatlarni, jumladan, AQShni ayblamoqda.

Xitoy rasmiy versiyasiga ko‘ra, yangi virus tarqalishi ilk bor 2019 yilda Uhandagi parranda bozoridan boshlangan. Aynan shu bois dastlab mazkur versiya asosga ega bo‘lgan yagona versiya deb hisoblangan, virusni Uhan instituti faoliyati bilan bog‘lash esa aksariyat olimlar tomonidan konspiratsiya deb baholangandi.

Biroq shu yil boshida Amerika OAV virusning laboratoriyada paydo bo‘lganiga jiddiyroq qarashga majbur qiluvchi bevosita dalillarni topdi.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi razvedka hamjamiyatining yangi hisobotini beo‘xshov hazil deb atadi.

“AQShning Covid-19 manbasini aniqlash uchun olimlarga emas, razvedkaga tayanishga urinishi – bu mutlaqo siyosiy hazil. Biz uning manbasini ilmiy asosda izlash bo‘yicha sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va bu jarayonda faol qatnashishni davom ettiramiz. Shu bilan birga, bu masalani siyosiylashtirishga urinishni qat'iy rad etamiz”, – deya elchixona bayonotidan iqtibos keltirgan Reyter agentligi.

Top