22:07 / 30.10.2021
5037

Saudiya Arabistonida «Yashil Yaqin Sharq» tashabbusi sammiti bo‘lib o‘tdi

Foto: FAYEZ NURELDINE - AFP

Saudiya Arabistoni podshohligi valiahdi, Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari va mudofaa vaziri shahoda Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan Ar-Riyoz shahrida «Yashil Yaqin Sharq» tashabbusining birinchi sammiti o‘tkazildi. Unda Yaqin Sharq va Afrikadagi bir qator mamlakatlar rahbarlari, ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasiga mas'ul xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Sammit davomida ishtirokchilar tomonidan Saudiya Arabistoni podshohligi e'lon qilgan dasturlar va loyihalarning birinchi paketi ko‘rib chiqildi. Mazkur paket «Yashil Yaqin Sharq» tashabbusi maqsadlarini amalga oshirishga ko‘maklashish, mintaqada uglerod chiqindilari miqdorini tabiiy vositalar bilan kamaytirish hamda shu tariqa dunyo miqyosidagi ishlarga 10 foiz hajmida hissa qo‘shish yo‘lidagi sa'y-harakatlarni qo‘llab–quvvatlash va hamkorlik qilishga qaratilgan. Shu doirada mintaqada 50 mlrd tup daraxt o‘tkazish orqali dunyo miqyosidagi ko‘kalamzorlashtirishning 5 foizi qamrab olinishi reja qilingan. Natijada mazkur ishlar dunyo bo‘yicha daraxt o‘tkazishning eng katta dasturi bo‘lib qoladi.

«Yashil Yaqin Sharq» tashabbusini amalga oshirish yo‘lida podshohlik sammit davomida uglerodlar bo‘yicha aylanma iqtisod tushunchasini tatbiq etishda Xalqaro hamkorlik platformasi, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mintaqaviy markaz,  Uglerod chiqindilaridan foydalanish va yig‘ish bo‘yicha mintaqaviy kompleks, chang-to‘zonlarning salomatlikka ta'sir qilish xavf-xatarini kamaytirishga hissa qo‘shadigan Bo‘ronlardan oldindan ogohlantirish  mintaqaviy markazi, dengizning biologik xilma-xilligini ko‘tarish va baliqchilik sohasidagi chiqindilar nisbatini taxminan 15 foizga kamaytirishga hissa qo‘shadigan Baliqchilikni rivojlantirish mintaqaviy markazi va yomg‘ir yog‘ishi nisbatini taxminan 20 foizga ko‘tarishga hissa qo‘shadigan Yomg‘irli bulutlar mintaqaviy markazini barpo etish borasida ish olib borishini e'lon qildi. Mazkur markazlar va dasturlar ekologiyani himoya qilish, chiqindilar nisbatini kamaytirish va mintaqaviy muvofiqlashtirish darajasini oshirish uchun zarur infrastrukturani tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.

Shuningdek, podshohlik dunyoda 750 mln. kishini oziq-ovqat bilan ta'minlash uchun toza energiya yechimlarini taqdim etishga hissa qo‘shadigan xalqaro tashabbusni ilgari surish va mintaqada uglerodlar bo‘yicha aylanma iqtisod texnologiyalari yechimlari borasida Investitsiya jamg‘armasi barpo etish ustida ishlaydi. Mazkur ikki tashabbusga taxminan 29 mlrd. saudiya riyoli (taxminan 7,7 mlrd. AQSh dollari) investitsiya qilinadi, uning taxminan 15 foizini podshohlik moliyalashtiradi. Afrikada ekologiya va o‘simlik dunyosining ahamiyatidan kelib chiqib, sammit uni asrash va rivojlantirish yo‘lida muvofiqlashtirish va hamkorlikdagi ishlarni faollashtirishga da'vat etdi. Bundan tashqari, sammitni qo‘llab-quvvatlaydigan va muvofiqlashtirish darajasini oshiradigan mustaqil notijoriy tashkilot sifatida «Yashil tashabbus» tashkilotini tuzishga chaqirdi.  

Ekogoliyaga qarshi tahdidlarga birgalikda qarshi turishda umumiy mas'uliyatdan kelib chiqib, sammitda davlat rahbarlari mintaqaviy «Yo‘l xaritasi»ni birgalikda ishlab chiqish, «Yashil Yaqin Sharq» tashabbusi maqsadlarini amalga oshirish yo‘lidagi to‘siqlarni yengib o‘tish uchun ish dasturi tayyorlash muhimligini ta'kidlashdi. Bunda mintaqaning barqaror rivojlanishi va undagi jonli tabiat xilma-xilligini asrash, uning qayta tiklanishidan dunyodagi barcha davlatlar manfaatdor bo‘lishining ahamiyati inobatga olindi.

Sammitda davlat rahbarlari podshohlik tashabbuslari, ekologiya va iqlim o‘zgarishlari sohasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadi. Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saudga mazkur sa'y-harakatlarga jonbozlik qilayotgani, sammitda ishtirok etishga davlat rahbarlari va rasmiylarni taklif qilgani uchun minnatdorchilik izhor etishdi. Shunindek, umumiy ish guruhlarini tashkil etish va tashabbus maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida ijroiy rejalar ishlab chiqish uchun mazkur sammitni davriy asosda o‘tkazib turishga kelishib olindi.

Top