10:55 / 30.10.2021
380
Sirdaryoda aliment to‘lamagan 39 otaga jinoiy ish ochildi

MIB Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat bo‘yicha 9 238 nafar bolalarning ta'minoti uchun 8 339 nafar qarzdordan davriy to‘lovlar yuzasidan ijro harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda MIB Sirdaryo viloyat boshqarmasi katta surishtiruvchisi Ikromxon Ubaydullayev Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Ikromxon Ubaydullayev / Foto: Kun.uz

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 553 ta oila qayta tiklanishiga erishilgan. Shuningdek, 68 ta holatda aliment to‘lovlari pul mablag‘i, uy-joy, avtomashina va boshqa shaklda qoplanib, bolalarning voyaga yetguniga qadar ta'minoti to‘liq ta'minlandi.

Aliment undirish hamda ishsiz aliment to‘lovchilarni ish bilan ta'minlashga qaratilgan tadbirlar natijasida viloyatda 2 363 nafar fuqaro doimiy va mavsumiy ishga joylashtirilgan.

Voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan JKning 122-moddasi bo‘yicha 39 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borildi va aniqlangan 188,1 mln so‘m moddiy zararlar undirildi. Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 209 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Top