17:38 / 30.10.2021
10967
Toshkent shahar ma'muriy sudi raisi: «Hatto bosh vazir tomonidan chiqarilgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilmoqda»

Toshkent shahar ma'muriy sudi raisi Ulug‘bek Almamedovning ma'lum qilishicha, 2021 yilning 9 oyi davomida poytaxt sudlarida quyidagi ma'muriy organlar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish bo‘yicha ishlar nisbatan ko‘proq ko‘rilgan:

1. Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 443 ta ish ko‘rilgan. Shundan 406 tasi qanoatlantirilgan, 19 tasi rad etilgan, 10 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 8 tasi ish yuritishdan tugatilgan;

2. Davlat soliq organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 353 ta ish ko‘rilgan. Bunday arznomalarning 209 tasi qanoatlantirilgan, 78 tasi rad etilgan, 56 tasi ish yuritishdan tugatilgan, 10 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan. DSI bilan 2 marta QQS masalasida uchrashuv o‘tkazilgan;

3. Hokimiyat mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish va hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 345 ta ish ko‘rilgan. Shundan 138 tasi qanoatlantirilgan, 148 tasi rad etilgan, 25 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 34 tasi ish yuritishdan tugatilgan (yer uchastkalarini olib qo‘yish, kompensatsiya masalalarida);

4. Majburiy ijro byurosi markaziy va hududiy idoralari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ular tomonidan chiqarilgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq 149 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, shundan 40 tasi qanoatlantirilgan, 61 tasi rad etilgan, 34 tasi ish yuritishdan tugatilgan, 14 tasi esa ko‘rmasdan qoldirilgan;

5. Adliya organlari (intellektual mulk agentligi, notarius, FHDYo, davlat xizmatlari agentligi va b.) mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 65 ta ish ko‘rilgan. Shundan 36 tasi qanoatlantirilgan, 22 tasi rad etilgan, 4 ish yuritishdan tugatilgan, 3 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Ulug‘bek Almamedovning qo‘shimcha qilishicha, hukumat qarorlarini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ishlar ham ko‘rilmoqda: «Bugungi kunda ma'muriy sudlarda hattoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari yuzasidan ham sudlashish uchramoqda. Ham jismoniy, ham yuridik shaxslar bevosita bosh vazir tomonidan chiqarilgan u yoki bu qarorlarni ham haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talablarni qo‘ymoqda. Ha, amaliyotda bunday ishlar ham ko‘rib chiqilmoqda», deydi Toshkent shahar ma'muriy sudi raisi.

Mavzuga oid
Top