10:43 / 31.10.2021
1222
Hazoraspda qonunga xilof ravishda xorijga chiqqan ayol sudlandi

Hazorasp tuman sudining «Pahlavon Mahmud» mahallasida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida qonunga xilof ravishda xorijga chiqqan ayol va otasining mulkini o‘g‘irlagan yigitga hukm o‘qildi.

Birinchi ish holatlariga ko‘ra, G.M. 2020 yil mart oyida Qozog‘istonga borish uchun belgilangan tartibga rioya qilmagan. Jumladan, Toshkent viloyati chegara nazorat o‘tkazish punkti yaqinidagi chegara hududidan aylanma yo‘llar orqali, sim to‘siqlar ostidan, qonunga xilof ravishda Qozog‘istonga o‘tgan.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat Kodeksining 223-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, muqaddam sudlanmaganligi, ayolligi, ishsizligi, oilasidan ajrashganligi, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligi inobatga olinib, jarima jazosi tayinlangan.

Ikkinchi ish holatlariga ko‘ra, U.Q. 2021 yil may oyida otasining uyda yo‘qligidan foydalanib, yotoqxonasidagi seyfni kalit tanlash yo‘li bilan ochib, ichidan 80 gramm og‘irlikdagi tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlab, unga 28 mln so‘m ziyon yetkazgan. O‘g‘irlangan mulkni arzon narxda o‘zga shaxslarga sotib, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan aybli deb topilib, uning muqaddam sudlanmaganligi, yetkazilgan mulkiy ziyon to‘liq bartaraf qilinganligi inobatga olinib, axloq tuzitish ishlari jazosi tayinlangan.

Top