20:40 / 01.11.2021
5479

G20 liderlari transmilliy korporatsiyalar uchun 15 foizlik yagona soliq stavkasini joriy etishga kelishishdi

Mamlakatlar ko‘p yildan buyon Google, Apple, Meta, Amazon kabi transmilliy kompaniyalar ofshorlarda daromadlarni deklaratsiya qilib soliqdan qochishi emas, ko‘proq soliq to‘lashlarini istab kelishayotgan edi.

Foto: Getty Images

G20 mamlakatlari Rimda o‘tayotgan sammitda yakuniy deklaratsiyani qabul qilishdi. Ular transmilliy korporatsiyalarlar uchun 15 foizlik global soliq joriy etish taklifini ma'qullashdi, deb yozmoqda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) rasmiy sayti.

Katta yigirmatalik sammitidan avval bu g‘oyani jahon YaIMining 90 foiz ulushi to‘g‘ri keladigan 136 ta mamlakat va yurisdiksiyalar qo‘llab-quvvatlashgan edi.

15 foizlik soliqni qaysi mamlakatda ro‘yxatdan o‘tganidan qat'i nazar, yiliga 750 million yevro tushumga ega kompaniyalar to‘lashadi. Hujjatda G20 davlatlari «yanada barqaror va adolatli xalqaro soliq solish tizimi quriladigan» bu tashabbusni «tarixiy yutuq» deb atashmoqda.

«Men to‘rt yil davomida transmilliy kompaniyalar uchun xalqaro soliq solish tizimi joriy etilishi uchun kurashdim. Bugun bu sodir bo‘ldi!» — degan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron.

«Minimal korporativ soliq — bu katta muvaffaqiyat, bu adolatning aniq signali», — degan Germaniya kansleri vazifasini bajaruvchi Angela Merkel.

AQSh prezidenti Jo Baydenning fikricha, kelishuv «jahon iqtisodiyotini o‘zgartiradi».

Kutilishicha, 15 foiz miqdoridagi soliq korporatsiya ofislari ro‘yxatdan o‘tgan davlatlar budjetlariga qo‘shimcha 150 milliard AQSh dollari daromad keltiradi. Agar kompaniya hujjatga qo‘shilmagan «soliq go‘shasi»da ro‘yxatdan o‘tadigan bo‘lsa, u mamlakatdagi soliq va bosh ofisi joylashgan davlat budjetiga 15 foizlik soliq stavkasi farqini to‘lab beradi.

Bu islohot 2023 yildan ishga tushadi. U 12,5 foizlik soliq tufayli Irlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Apple, Google va Facebook (Meta) kompaniyalarini ham qamrab oladi.

Mavzuga oid
Top