07:31 / 01.11.2021
8452

O‘zbekistonlik migrantlarning Koreyaga kirishini qisman tiklash rejalashtirilmoqda

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining vitse-prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Foto: Kun.uz

Agentlik xabariga ko‘ra, uchrashuvda mehnat migratsiyasi jarayonlarini bosqichma-bosqich tiklash masalasi ko‘tarildi. O‘zbekistonda koronavirus bilan kunlik zararlanish holatlari kamaygani hamda mavjud vaksina turlari haqida batafsil ma'lumot berildi.

Vitse-prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistondan mehnat migrantlari kirib kelishini qisman tiklash rejalashtirilmoqda. Bunda, birinchi navbatda to‘liq emlashdan o‘tgan, 4 yil-u 10 oy Koreya Respublikasida bir korxonada ishlab qaytgan fuqarolarni kiritish ko‘zda tutilgani ma'lum qilindi. 

O‘z navbatida, mehnat migrantlarining Koreya Respublikasiga muntazam kirib kelishini ta'minlashda karantin qoidalariga qat'iy rioya qilish muhim o‘rin egallashi ta'kidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda tanlovlar bazasida muddat qo‘shib berilgan fuqarolarga ikkinchi bor muddat qo‘shib berish bo‘yicha ham muzokaralar olib borildi va mazkur masala Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan yaqin kunlarda ko‘rib chiqilishi qayd etildi.

Top