11:48 / 01.11.2021
15279
“Tolibon” yetakchisi ilk bor omma oldida chiqish qildi
Foto: Afghan Islamic Press via AP

“Tolibon”ning oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda harakatga rahbarlik qilishni boshlaganidan beri birinchi marta omma oldida ko‘rinish berdi. U Afg‘onistonning Qandahor shahridagi madrasada nutq so‘zladi.

Oxundzoda “o‘zining jasur askarlari va shogirdlari” bilan suhbatlashish maqsadida mahalliy diniy ta'lim muassasasiga tashrif buyurgan.

Uning madrasadagi nutqining 10 daqiqalik audioyozuvi toliblarning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarida e'lon qilingan, deb xabar berdi TRT telekanali. Uchrashuv vaqtida xavfsizlik nuqtayi nazaridan, foto va video tasvirga olinmagan.

Oxundzoda o‘z nutqida janglarda halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirgan. Toliblar rahbari o‘z nutqi davomida hech qanday siyosiy bayonotlar bermagan.

Hozircha toliblar tashkil etgan hukumatni hech kim tan olmadi. Shunga qaramay, toliblar yetakchilari boshqa davlatlar vakillari bilan bir necha marotaba oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazgan.

Ayni vaqtda toliblar xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga va Afg‘onistonning qonuniy hukumati tomonidan tan olinishiga harakat qilmoqda.

“Tolibon”ning avvalgi yetakchisi Ahtar Mansur dron zarbasi yordamida yo‘q qilingandan keyin 2016 yilda uning o‘rnini Haybatulloh Oxundzoda egallagandi.

Mavzuga oid
Top