08:04 / 02.11.2021
11726

Ilon Mask 300 milliard dollardan ko‘proq boylikka ega birinchi odamga aylandi - Forbes

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask insoniyat tarixida boyligi 300 mlrd dollardan oshgan birinchi odamga aylandi. Bundan real vaqtda yangilanib turuvchi Forbes Real-Time milliarderlar ro‘yxati ma'lumotlari darak bermoqda.

Foto: AP Photo/Chris Pizzello

Mask yangi rekord qiymatga o‘zi asos solgan Tesla kompaniyasi aksiyalari narxi bir haftadan beri jadal ko‘tarilayotgani evaziga erishdi. Kompaniya aksiyalari narxi avtomobillarni ijaraga beruvchi Hertz kompaniyasi Tesla bilan 100 mingta elektromobil sotib olish bo‘yicha bitim tuzganidan keyin ko‘tarilmoqda. 

1 noyabrdagi birja savdolari ochilgandan 2 soat ichida kompaniya aksiyalari narxi 1150 dollarga ko‘tarilishi evaziga Mask yana 10 mlrd dollarga boyigan va yangi rekordni o‘rnatgan.

O‘tgan hafta Mask boyligi ilk bor 270 mlrd dollarga yetgandan keyin eng badavlatlar odamlar reytingi yuritilishi tarixidagi eng boy odamga aylangan.

O‘z navbatida 29 oktyabrda Bloomberg axborot agentligi milliarderning boyligi to‘rt kun ichida 50 mlrd dollarga ko‘payib, 302 mlrd dollarga yetganini ma'lum qilgandi.

Milliarderning Tesla’dagi 21 foizlik ulushi uning boyligining asosiy qismi hisoblanadi. Bundan tashqari, u o‘zi asos solgan yana bir kompaniya – SpaceX’da kichik ulushga ega.

25 oktyabrda Tesla kapitallashuvi Hertz bilan bitim tuzilgani e'lon qilinishi ortida ilk bor 1 trln dollardan oshdi. Bloomberg axborot agentligining manbalari ushbu bitim Mask kompaniyasiga 4,2 mlrd dollar keltirishini aytishgan. Hertz buyurtirgan mashinalar kompaniya bir yilda ishlab chiqaradigan mashinalarning o‘ndan bir qismini tashkil qiladi.

Mavzuga oid
Top