17:20 / 02.11.2021
6623

Qiyinchiliklarni o‘z mehnati bilan yengib o‘tgan sirdaryolik matonatli ayol haqida hikoya

Boyovut tumanining Sarmich mahallasida istiqomat qiluvchi Zamira Muqimova yolg‘iz boshi bilan karantin chog‘ida qanday qiyinchiliklarni ko‘rganini hikoya qilib berdi. Uch nafar farzandini tarbiyalab kelayotgan ayol turmushidan nolimaydi.

U pandemiya davrida ro‘zg‘or tebratishga qiynalib qolgani uchun Boyovut tumani hokimligi tomonidan «temir» va «ayollar» daftariga kiritilgan bo‘lsa-da, hokimlik va mahalla tomonidan beriladigan yordam pullaridan voz kechgan. Ayol bu qarorini mahallada o‘zidan-da qiyin sharoitda yashab kelayotgan insonlar borligi bilan izohlab, yordam puli o‘shalarga berilishini so‘ragan.

Foto: Kun.uz

«Qaynonam olamdan o‘tganlaridan so‘ng hayotimda qiyinchilik kunlari boshlangan. Shaharga borib ofitsiantlik qildim. Bolalarimga odamlardan qolgan burda nonlarni terib kelib yedirgan kunlarim bo‘ldi. Kunlik 18 ming so‘m uchun ishladim. Karantin tufayli hammayoq yopilganidan so‘ng dalalarda kunbay tarzda 20-25 ming so‘m uchun ishladim. Bu mablag‘ni ro‘zg‘orga, farzandlarimni kiyim-kechagiga, kommunal to‘lovlarga amallab yetkazdim. Yo‘l haqini tejay deb uzoq bo‘lsa ham piyoda borib kelardim. Farzandlarimni katta qilgunimcha ko‘p qiynaldim», deydi Zamira Muqimova.

Qahramonimiz hayotda sabr va matonat bilan, boriga qanoat qilib yashashni, doim oldinga harakat qilish lozimligini o‘z oldiga shior qilib olgan. Hayot yo‘llarida bir necha bor qoqilishiga qaramasdan, har safar o‘rnidan tura olgan. O‘z ixtiyori bilan «ayollar daftari»dan chiqqan.

Pandemiya davrida kam ta'minlanganlar uchun beriladigan imtiyozli mablag‘lardan foydalanib, o‘z xonadonida oilaviy bolalar bog‘chasini yo‘lga qo‘ygan. Hozirda bu yerda 25 nafar bolani tarbiyalab kelmoqda.

«Farzandlarimning oyoq kiyimi ham yo‘q edi. Poyafzalni ertalab bir farzandim maktabga kiyib ketsa, kelganidan keyin boshqa bolam kiyib borib kelgan. Lekin birovga nolimadim.

O‘sha davrlardan faqatgina sabr qilib o‘tdim. Taqdirimda shunday sinovlar bor ekan, men bundan minnatdorman. Farzandlarim sog‘-omonligi menga baxt. Ko‘rgan qiyinchiliklarim bolalarimning sog‘ligi oldida hech narsa emas. Inson halol bo‘lsa, maqsad sari intilsa baribir erishar ekan», — deydi Zamira Muqimova.

Zamira Muqimova kelgusida oilaviy bog‘cha faoliyatini kengaytirishni, oliy ma'lumotli bo‘la turib, farzandining nogiron bo‘lgani uchun ishga chiqa olmayotgan ota-onalar uchun imkoniyati cheklangan bolalar bog‘chasi ochishni reja qilgan. Bir marta bo‘lsa-da prezident bilan uchrashib, o‘zining rejalari bilan o‘rtoqlashish, biroz bo‘lsada suhbat qurish – uning hayotdagi eng katta orzusi.

Shuhrat Yunusov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.

Top