10:31 / 02.11.2021
4265

Urgutda ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Urgut tumanida ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar bermoqda.

Joriy yil 29 oktyabr kuni Urgut tumani Chumchuqli mahallasida ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan vafot etgani haqida Kun.uz’da o‘z manbasi bergan ma'lumotga asoslanib xabar berilgandi.

Urgut tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbari D.Sanaqulov Chumchuqli mahallasida ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi vafot etganini tasdiqlagan va holat yuzasidan surishtiruv olib borilayotganini ma'lum qilgandi.

Qayd etilishicha, Urgutda ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan vafot etgani holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, 29 oktyabr tunda fojia yuz bergan xonadonda ayol bilan birga uning uch nafar farzandi bo‘lgan. Hodisa oqibatida, ayol va uning ikki nafar farzandi is gazi tufayli vafot etgan. Uning yana bir farzandi 9 yoshli o‘g‘il bola og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshiligi aytilmoqda.

Avvalroq, 15 oktyabrdan 25 oktyabrgacha Samarqand viloyatida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 4 ta hodisa sodir bo‘lgan va ularda 8 nafar fuqaro vafot etgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top