12:22 / 02.11.2021
18323

Urush maydonidan-da xavfli yo‘llar, halok bo‘layotgan bolalar. Nima qilmoq kerak?

O‘zbekiston yo‘llaridagi o‘limlar haqidagi xabarlar urushdan keladigan hisobotlarga o‘xshaydi. Aslida esa holat biz o‘ylagandan-da ayanchli – yo‘llardagi o‘limlar statistikasi urushlarnikidan battar. Va bu – ilmiy haqiqat.

Foto: Getty Images

2021 yilning 9 oyida kamida 1682 kishi avtohalokat natijasida halok bo‘ldi. Bu – dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan urushlardagi qurbonlardan-da ko‘proq.

Ehtimoliy qurolli agressordan himoyalanish uchun milliardlab mablag‘ sarflaymiz, ko‘plab umrlarga zomin bo‘layotgan xavfli yo‘llarimizga keraklicha e’tibor beryapmizmi?

Dunyoda

Avvalo dunyodagi vaziyat haqida biroz. Bir yilda dunyoda o‘rtacha 1,35 mln kishi yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘ladi, 20-50 mln kishi esa turli jarohatlar oladi. Masalan, 2021 yilning o‘zida ayni vaqtga qadar 1 045 513 kishi halok bo‘lgan. Dunyoda har 23 sekundda 1 inson yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘ladi. Va bunday ko‘rsatkichlar ortib boryapti.

Shu topda bir narsa e’tiborni tortadi – kam daromadli va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda o‘limlar ko‘p, garchi avtomobil soni kam bo‘lsa-da. Ya’ni avtomobillar soni rivojlangan mamlakatlarda ko‘proq bo‘lishiga qaramay, past va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda o‘limlar soni ancha ko‘proq. Bu qurbonlarning yarmi piyodalar, velosipedchilar va mototsiklchilarga to‘g‘ri keladi. Piyoda qurbonlarning ko‘pchiligi – yosh bolalar.

Mazkur maqolani o‘qishni boshlaganingizdan buyon YTH sabab kamida bir kishi halok bo‘ldi.

O‘zbekistonda

O‘zbekistonda JSTning yo‘l xavfsizligi bo‘yicha asosiy standartlaridan ayrimlari haligacha joriy etilmagan. Masalan, shahar joylarda avtomobil tezligi 50 km/soatdan oshirmasdan harakatlanish haqidagi me’yor kiritilmagan. Haligacha aholi punktlarida maksimal tezlik me’yori 70 km/soat.

Yo‘l muhandisligida bizda piyodalar deyarli inobatga olinmaydi, muvozanat jiddiy buzilgan. Poytaxtda, yetarli bo‘lmasa-da, trotuarlar bor, viloyat va qishloqlarda ahvol qayg‘uli.

Yo‘l xavfsizligi bilan bog‘liq salbiy holat iqtisodiy (xavfli mamlakatda yashash va biznes qilishga istak sust bo‘ladi), ijtimoiy (yo‘qotiladigan inson kapitali) sohalarga ta’sir etadi va yig‘ilib kelib mamlakatning siyosiy imijiga putur yetkazadi. Biroq avvalo bu oilalarning boshiga tushadigan fojialardir.

Fojiani his qilish uchun esa o‘zni halok bo‘lganlar yaqinlari o‘rniga qo‘yib ko‘rish kifoya...

Aytilishi kerak bo‘lgan yana bir jihat – haydovchilarning bilim darajasi va madaniyati. Ularda yo‘l faqat mashinaniki emas, piyodalar ham kimningdir ota-onasi va farzandi degan tushuncha shakllanishi kerak. Buning uchun esa haydovchilikka o‘qitish tizimini jiddiy isloh qilish talab etiladi.

Nima qilish kerak?

Yo‘l harakatini xavfsizroq qilish bo‘yicha dunyoda yetarlicha ilmiy tadqiqotlar qilingan, tajribalar, tayyor muhandislik yechimlari bor – g‘ayriilmiy “yechim”larga zarurat yo‘q.

Tadqiqotlar “uchta E” deb nomlangan chora-tadbirlarni taklif qiladi:

  1. Engeneering – yo‘l muhandisligi yechimlari, ya’ni piyoda va avtomobil yo‘llarini ajratish (yaxshi trotuar), avtomobil tezligini pasaytirish uchun yo‘llarni toraytirish va h.k. E’tibor bering, yo‘llarni kengaytirish emas, toraytirish haqida gap ketyapti.
  2. Enforcement (Law enforcement) – xavfsiz yo‘l qoidalari joriy qilish va ularning ijrosini ta’minlash (tezlik haqidagi normalarni joriy qilish, jarimalar belgilash va rioyasini qat’iy ta’minlash).
  3. Education – haydovchi va piyodalarni xavfsiz harakatga o‘rgatish (buning ichiga haydovchilarni avtomobil haydashga o‘qitishgina kirmaydi).

Quyida ushbu yechimlarga batafsilroq to‘xtalamiz.

1. Engeneering – Yo‘l muhandisligi yechimlari: ajratish, ko‘rsatish va avtomobilda yurishni qiyinlashtirish

Yo‘l faqat mashina haydovchiniki emas, u barchaniki. Xavfsiz yurish, tirik qolish uchun yo‘lni to‘g‘ri taqsimlash kerak. Piyodalar, velosipedchilar, mototsiklchilar, aravada yuruvchi va h.k. uchun ham teng sharoit va qoidalarni o‘rnatish talab etiladi.

Bizda esa yo‘llar avtomobil uchun qulayroq, bu esa barcha uchun xavf yaratadi: mashinadagilar uchun ham, piyodalar uchun ham.

Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, samarali yechimlar, usullar va choralar quyidagilardan iborat:

1.1. Ajratish: avtomobil va piyodalarni makon va vaqt bo‘yicha ajratish. Ya’ni alohida trotuarlar va yo‘llarni kesib o‘tish uchun xavfsiz va butunlay ajratilgan o‘tkazgichlar qurish, ularni vaqt bo‘yicha ajratish, svetofor va h.k.

Ayniqsa viloyatlarda bu nihoyatda dolzarb: bolalarni har kuni urush maydoniga chiqarib yuboryapmiz. Trotuarlar piyoda uchun qulay bo‘lishi lozim.

1.2. Haydovchi va piyodalarga xavfni oldindan ko‘rish imkonini beruvchi choralar (ogohlantiruvchi va taqiqlovchi yo‘l belgilari, chiroqlar va h.k.), yo‘llardagi ko‘rishga xalaqit beruvchi to‘siqlarni olib tashlash.

1.3. Va eng muhimi, avtomobillar tezligini pasaytirishning injyenerlik choralarini ko‘rish: yo‘llarni toraytirish, svetoforsiz zamonaviy aylanmalar, tezlikni tushirishga majburlovchi qurilmalar, masalan, yo‘ldagi avtomobil yo‘laklarini toraytirish, turli muhandislik to‘siqlari orqali avtomobil harakatini qiyinlashtirish va tezligini tushirishga majburlaydigan qurilmalar, chiziqlar, yo‘l belgilari qo‘yish va h.k.lar.

Shaharlar ichida, viloyat va tuman markazlarida keng yo‘llar qurishdan darhol voz kechish, mavjud keng yo‘llarni ularni trotuar va boshqa injyenerlik yechimlari hisobiga toraytirish zarur.

Toshkentda yo‘llarni kesib o‘tish piyodalar uchun juda xavfli. Piyoda o‘tishi uchun yerosti yo‘llari yoki ko‘priklar mutlaqo samarasiz, chunki yerosti yo‘liga yoki ko‘prikka chiqib-tushish ko‘p kuch talab qiladi, qariyalar, jismoniy nuqsoni borlar uchun esa imkonsiz ish (eskalator va liftlar ishlamasligi alohida og‘riqli mavzu). Bunga isbot – Toshkent ko‘chalarida yerosti yo‘lidan o‘tish o‘rniga yo‘lni kechib o‘tuvchilar ko‘proq.

Buning yechimi oddiy – yo‘lni uzog‘i ikki yo‘lakli qilish (har bir tomoni maksimum 2 yo‘lakli) va ularda ko‘proq piyoda o‘tish joylari qurish kerak. Bu me’yordagi yo‘llardan o‘tish qulay va xavfsiz.

Ushbu choralar bolalar o‘limini 75 foizga pasaytirish imkonini bergan.

Yo‘llar torayishi bilan tirbandliklar ortmasligi uchun shaharda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan jamoat transporti tizimi yaratilishi, manzilga avtomobilda emas, jamoat transporti orqali yetib borish oson va tez bo‘lishi kerak.

1.4 Ayniqsa, svetoforlar chiroqlari yonish vaqti adekvatligi katta ahamiyatga ega. Toshkentda ko‘plab chorrahalarda “yashil”da kirgan piyoda yo‘ldan o‘tib ulgurmaydi, yugurishiga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga, chorrahalarda piyoda va yon tomondagi avtomobillar bir vaqtda yurishi (qayrilishi) vaziyatni yanada qiyinlashtiradi. Bu holatga tezda chek qo‘yish mumkin.

Qishloq joylarida svetoforsiz piyoda o‘tish joylari jang maydoniga aylangan, haydovchilar nazdida yo‘l mashinaniki, piyodalar esa – unga xalaqit berayotgan pashshalar. Bunga ham chek qo‘yish mumkin.

2. Enforcement – Qoidalar va ularga rioya qilishni ta’minlash

Qoidalarni aniq va to‘g‘ri shakllantirish kerak. Yo‘l harakati qoidalariga shahar yo‘llarida (aholi punktlarida) tezlikni 50 km/soatdan oshirmaslikni kiritish kerak. Bu JSTning asosiy xavfsizlik standartlaridan biri hisoblanadi.

Qoidalar ijrosini mentalitet, milliy odatlar bilan bog‘lash kerak emas. Jazolar qattiq va muqarrar bo‘lishi kerak. G‘ayriilmiy gaplar inobatga olinmasligi lozim.

Qoidalar buzilishidan zarar ko‘rayotganlar avvalo piyodalardir, demak, qoidalar ishlab chiqish va ularga amal qilishni nazorat qilishda aynan piyodalar faol bo‘lishlari, jamoatchilik nazoratini o‘rnatishlari kerak.

3. Education – qoidalar va xavfsizlik madaniyatiga o‘tish

Maktablarda yo‘l xavfsizligi qoida va choralari maksimal tushunarli va aniq shaklda o‘rgatilishi kerak. Bu qiyin emas. Masalan, AQSh Davlat transport departamenti saytida piyoda xavfsizligining eng oddiy 10 qoidasi keltirilgan. Shu kabi ishlanmalardan foydalanish, ularni barchaga yetkazish kerak.

Yo‘l qoidalari ko‘pincha ularni bilmaslikdan emas, ularni mensimaslikdan, buzishni oddiy hol deb va ba’zida faxr deb bilishdan, kishi o‘ziga haddan tashqari ishonishidan, mastlikdan, ko‘rmay qolish kabi sabablardan buziladi.

Qoidalarga amal qilmaslikka nisbatan yomon munosabat, hatto nafrat hosil qilinishi kerak. Qoidabuzarlik haqida xabar berish burch deb qabul qilinishi zarur.

Shunday dunyoqarash bolalikdanoq singdirilishi lozim.

Yana bir bor: ijtimoiy nazorat kuchli bo‘lishi muhim. Tadqiqotlarga ko‘ra, har qanday qonunning amal qilishi ijtimoiy nazorat tufayli ta’minlanadi. Har qanday qoidabuzarlik jamiyat a’zolari tomonidan qoralanishi, jazoning muqarrarligiga ishonch hosil qilinishi lozim.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, mazkur urushda hammamiz ishtirok etyapmiz. O‘zimiz, yaqinlarimiz, farzandlarimiz hayoti va sog‘ligi bizning urinishlarimiz, pozitsiyamizga bog‘liq.

Ushbu maqolani o‘qib chiqquningizcha (5-6 daqiqada ) dunyoda 14 kishi yo‘l-transport hodisasida halok bo‘ldi. Ularning 8 nafari yosh bolalar edi.

O‘tkirbek Xolmirzayev,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi,
PhD

Top