14:36 / 02.11.2021
8896
Xitoyda aholiga oziq-ovqat mahsulotlari va birinchi ehtiyoj buyumlarini zaxira qilib olish tavsiya etildi

Vazirlikning bu tavsiyasini koronavirusning yangi to‘lqini va ehtimoliy karantin, havoning o‘ta sovib ketishi yoki Tayvan bilan keskinlikning kuchayishi bilan bog‘layotgan aholi xavotirga tushdi.

Foto: AP

Xitoy tijorat vazirligi mahalliy hokimiyatlarni mahsulotlar narxini barqarorlashtirish, qish va bahorga yetadigan oziq-ovqat zaxirasini g‘amlab olish va aholini birinchi ehtiyoj buyumlarini zaxira qilib olishga chaqirishni tavsiya qildi.

Vazirlikning bu tavsiyasini koronavirusning yangi to‘lqini va ehtimoliy karantin, havoning o‘ta sovib ketishi yoki Tayvan bilan keskinlikning kuchayishi bilan bog‘layotgan aholi xavotirga tushdi, deb yozadi Bloomberg.

Vazirlik sentyabrda oktyabr bayramlari oldidan ham ana shunday bildirishnoma chiqargandi, deya qayd etadi agentlik.

Xitoyning Economic Daily nashri aholini vazirlik bildirishnomasiga katta e'tibor qaratmaslikka chaqirdi. Nashrning yozishicha, vazirlik aholini koronavirusning yangi to‘lqini sharoitida karantin joriy etilishi ehtimoli uchun zaxira tayyorlab olishini ko‘zlamoqda. Qayd etilishicha, avvalgi karantin vaqtida ko‘plab oilalar zaxirasi yetarli bo‘lmagani uchun oziq-ovqatsiz qolgan.

Xitoyda mahsulotlar narxi barqaror emas va qish yaqinlashishi bilan oshib ketadi, deb yozadi Financial Times. Gazetaning ma'lumot berishicha, oxirgi haftalarda tinimsiz yog‘ingarchilik va suv toshqinlari sababli sabzavotlar narxi keskin ko‘tarilgan.

Top