16:41 / 03.11.2021
4701
Benzin narxiga bosim o‘tkazayotgan «qora oltin» bahosining oshishiga qaysi omillar ta'sir ko‘rsatgan?

Joriy yil boshidan sentyabrgacha bo‘lgan davrda Brent markali neft narxi 55 foizga qimmatlashgan.

Foto: ingimage/vostock-photo

Markaziy bank hisobotida qayd etilishicha, joriy yilda jahon neft bozorida narxlarning o‘sish tendensiyasi kuzatilgan. Brent markali neft narxi 2021 yil boshidan sentyabrgacha bo‘lgan davrda 55 foizga (1 barrel neft uchun 51 dollardan 79 dollargacha) oshgan.

Bunga quyidagi omillar ta'sir ko‘rsatgan:

- neftning eng yirik importyori hisoblanadigan Xitoyda energiya muammolarining mavjudligi va tabiiy gazning global taqchilligi;

- joriy yilning avgust oyida AQShning sharqiy sohilida yuz bergan to‘fonlar ta'sirida Meksika ko‘rfazida neft qazib olishning izdan chiqishi va AQShdagi global zaxiralarning keskin kamayishi;

- neftga bo‘lgan talabning o‘sib borishi. OPEK va Xalqaro energetika agentligi tomonidan joriy yilning sentabr oyi boshida yangilangan ma'lumotlariga ko‘ra, neftga talab 2022 yilning ikkinchi choragiga qadar kuniga 100 million barreldan oshadi;

 - shimoliy yarimsharda sovuq kish kelishining kutilayotganligi. “Amerika banki” global tahlilchilarining prognozlariga ko‘ra, keyingi 18 oy ichida neftga bo‘lgan talab yanada kuchliroq o‘sishi (neft narxi 1 barrel uchun 100 AQSh dollari darajasiga ko‘tarilishi) mumkin;

- Yevropadagi gaz zaxiralari kamayishining (zaxiralar o‘n yil ichida eng past darajaga tushgan) elektr energiyasi ishlab chiqarish narxlari oshishiga (Yevropada energiya narxining ko‘tarilishi to‘g‘ridan to‘g‘ri neft narxida aks etadi) ta'siri.

OPEK va Xalqaro energetika agentligi neft bozori joriy yilning oxirigacha pandemiyadan oldingi iste'mol darajasiga qaytmaydi, deb hisoblashmoqda.

AQSh Energetika vazirligi Brent neftining o‘rtacha narxi 2022 yilda 66 dollar atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Mavzuga oid
Top