17:36 / 03.11.2021
6601
Meta nomi egasi Facebook’dan 20 mln dollar talab qildi

Facebook korporativ nomlanishining Meta’ga almashgani kompaniyaga kutilganidan qimmatroqqa tushishi mumkin. Arizonadagi noutbuklar va aksessuarlar sotish bilan shug‘ullanuvchi Meta PCs firmasi Meta savdo belgisiga huquqni avgust oyidayoq qo‘lga kiritgani ma'lum bo‘ldi.

Foto: campaignlive.co.uk

Endi kompaniya o‘z nomidan foydalanish huquqini Mark Tsukerbergga 20 mln dollarga sotmoqchi.

Meta PCs hammuassisi Zak Shatt The Guardian nashriga kompaniya o‘tgan yilning noyabrida ro‘yxatga olinganini aytib o‘tgan. Oradan qariyb bir yil o‘tgach, ular o‘z firmasi nomini Meta PCs deb atashga rasman ruxsatnoma olishgan.

O‘tgan haftagacha Facebook jamoasidan hech kim kompaniya nomi Meta’ga o‘zgarishini bilmagan. Shatt ham, uning yana bir hamkori Jo Darjyer ham nomni kamida 20 million dollarga sotishlarini ta'kidlashmoqda.

Meta nomlanishini ro‘yxatga olish uchun ariza

Facebook’dagilar ularning Meta savdo belgisi uchun zarur hujjatlari borligini aytib, Meta PCs’ning mahsulot belgisi bo‘yicha petitsiyasi hali qanoatlantirilmagan, deb hisoblashmoqda.

Shuningdek, zaruriyat tug‘ilganda Tsukerberg foydalansa bo‘ladigan ko‘plab yuridik tuynukchalar bor, masalan, mahsulot belgisini boshqa mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazib, bu yo‘ldan AQShda legallashtirishda foydalanish.

O‘tgan haftada Facebook kompaniyasi o‘z nomini o‘zgartirishi haqidagi mish-mishlarni tasdiqladi. Garchi ijtimoiy tarmoq platformasi Facebbok brendini saqlab qolgan bo‘lsa-da, kompaniyaning o‘zi endi Meta deb ataladi, so‘nggi paytlar Tsukerberg ko‘p tilga olayotgan VR/AR metaolami sharafiga.

 

Top