10:17 / 03.11.2021
9041

Samarqand viloyatida 3 nafar hokim va 20 nafar hokim o‘rinbosariga hayfsan intizomiy jazo choralari qo‘llandi

Foto: iStock

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov 3 nafar hokim va 20 nafar hokim o‘rinbosarini ogohlantirgan va ularga hayfsan intizomiy jazo choralarini qo‘llagan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi barcha viloyat, tuman va shaharlardagi hokim va hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholash tizimini yo‘lga qo‘ydi.

Agentlikning argos.uz portalidagi “Reyting” sahifasida 2021 yil iyun holatiga (2-chorak bo‘yicha) quyidagi 6 turdagi reyting joylashtirildi:

  • Natijadorligi yuqori hududlar;
  • Hududlarda ko‘rsatkichlari eng yuqori tuman (shahar)lar;
  • Hududlarda ko‘rsatkichlari eng quyi tuman (shahar)lar;
  • Hokim o‘rinbosarlarining EMSK bo‘yicha reytingi;
  • Tuman (shahar) hokimlarining top-20ligi;
  • Tuman (shahar) hokimlarining quyi-20ligi.

Reyting natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichli viloyatlar reytingida Navoiy viloyati (87 ball) yetakchilik qilmoqda. Viloyatlar orasida eng past ko‘rsatkich Surxondaryoda (66 ball) qayd etilgan.

Shuningdek, Samarqand viloyatidagi Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Urgut tumanlari va Samarqand shahri reytingda eng past natijalarni ko‘rsatgan. Jumladan, tumanlar orasida Past Darg‘om tumani viloyatda 1-o‘rin, respublikada 192-o‘rin, Kattaqo‘rg‘on tumani viloyatda 15-o‘rinda, respublikada 185-o‘rinda, Urgut tumani viloyatda 14-o‘rinda, respublikada 183-o‘rinda, Samarqand shahri viloyatda 13-o‘rinda, respublikada 177-o‘rinda qayd etilgan (respublika bo‘yicha umumiy ro‘yxatda 205 ta hudud bor).

Joriy yil 2 noyabr kuni viloyat hokimi boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida reytingda past ko‘rsatkich qayd etgan shahar va tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlaridan hisobot so‘ralgan.

Yig‘ilish yakunida reytingda past ko‘rsatkich qayd etgan 3 nafar hokim va 20 nafar hokim o‘rinbosariga qat'iy ogohlantirish va hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanishi belgilangan.

Mavzuga oid
Top