18:14 / 03.11.2021
14262
Toshkentda mashina simto‘siqqa urilib yonib ketdi. Uning ichidagilar voqea joyidan ketib qolgan

Toshkent shahrida yuqori tezlikda harakatlangan Lacetti “avariya”ga uchradi va yonib ketdi.

3 noyabr kuniga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Olmazor tumani hududida, TXAY ko‘chasida Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi simyog‘ochga urilgan. Tezlik yuqori bo‘lganidan simyog‘och qulab tushgan.

YTH oqibatida avtomobilda yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan.

Toshkent shahar Yo‘l patrul xizmati boshqarmasi xodimi, podpolkovnik Saidkamol Yoqubxo‘jayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, simyog‘ochga urilgan mashinada ikki kishi bo‘lgan, haydovchi va uning yonida bo‘lgan yo‘lovchi voqea joyidan ketib qolgan.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

Guvohlardan birining aytishicha, YTH ro‘y bergan vaqtda simyog‘ochdagi yoritish tizimlari ishlayotgan, yo‘l yorug‘ bo‘lgan. Shunga qaramay, haydovchi avtomobil boshqaruvini yo‘qotgan.   

«Mashinamizda ketayotganimizda bu Lacetti oldimizdan taxminan 200 km/soat tezlikda o‘tib ketdi. Buni ko‘rib biz tezlikni pasaytirdik. U esa simyog‘ochga borib urildi. Keyin mashina yumalab ketdi va yona boshladi. Yordam berish uchun borayotganimizda haydovchi bilan bir qiz taksiga o‘tirib ketib qolishdi», deydi u.

Keyinroq IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ushbu hodisa yuzasidan ma'lumot berib, haydovchiga shifoxonada birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilganini ma'lum qildi.

Mazkur holat yuzasidan Olmazor tuman FVB va YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top