18:39 / 04.11.2021
12539

Abdumalik Halokov JCh finaliga chiqdi

O‘zbekistonlik bokschilardan biri jahon chempionatida kamida kumush medalni naqd qildi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Serbiya poytaxti Belgrad mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida hal qiluvchi uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. 4 noyabr kunidan bokschilar final yo‘llanmasi uchun janglarni boshlagan.

Yarimfinalga qadar yetib kelgan o‘zbekistonlik ikki nafar bokschidan biri Abdumalik Halokov (-60 kg) final yo‘llanmasi uchun eronlik Daniyal Shohbaxshga qarshi ringga chiqishi kerak edi. Ammo o‘zbekistonlik bokschi jang qilmasdan final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Sababi eronlik charmqo‘lqop ustasi jarohati tufayli ushbu jangda ishtirok eta olmagan. 

Shu tariqa, Abdumalik Halokov 6 noyabr kuni oltin medal uchun finalda Fransiya va Dominikan Respublikasi vakillari o‘rtasidagi jang g‘olibiga qarshi ringga ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, Abdumalik Halokov avvalgi bosqichlarda makedoniyalik Jasin Lyama, sloveniyalik Tadey Chernoga va rossiyalik Vsevolod Shumkov ustidan g‘alaba qozongandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston boks jamoasi Serbiyaga 13 bokschi bilan borgandi. Lekin Hasanboy Do‘smatov, Shohjahon Abdullayev, Mirazizbek Mirzaxalilov va Shahram G‘iyosov ilk bosqichdayoq turnirni tark etdi. Odiljon Aslonov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va Shahobiddin Zoirov 1/8 finalda yurishini to‘xtatdi, Nodirjon Mirzahmedov, Saidjamshid Ja'farov, Lazizbek Mullajonov va Mujibillo Tursunov chorak finaldan o‘ta olmadi.

O‘zbekistonning yarimfinalga chiqqan yana bir vakili Madiyar Saidrahimov (-92 kg) bugun to‘rt karra jahon chempioni va ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan kubalik Xulio La Kruzga qarshi final uchun jang qiladi. Ushbu bahs 5 noyabrga o‘tar kechasi soat 00:30dan so‘ng boshlanadi.

Top