10:42 / 04.11.2021
6418

Ozarboyjondagi maxsus karantin rejimi uzaytirildi. TIV o‘zbekistonliklarga eslatma bilan chiqdi

Foto: AA

Ozarboyjon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tezkor shtab qarori bilan ushbu davlatdagi maxsus karantin rejimi 2022 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Bu haqda O‘zbekistonning Boku shahridagi elchixonasi xabar bergan.

Amaldagi qoidalarga ko‘ra, hozirgi vaqtda O‘zbekiston fuqarolari Ozarboyjon hududiga kirishi uchun pasport turidan (xorijiy, diplomatik) qat'i nazar qator hujjatlarni o‘zlari bilan birga olishi kerak.

Ular:

  • Ozarboyjon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tezkor shtabning maxsus ruxsatnomasi. Ushbu ruxsatnomani rasmiylashtirish to‘g‘risidagi so‘rov belgilangan tartibda qabul qiluvchi tomon tarafidan oldindan, ya'ni Ozarboyjonga jo‘nab ketishdan 14 ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda tezkor shtabga jo‘natilishi zarur. Arizaning mavjudligi ruxsat olishni kafolatlamaydi hamda ruxsatnoma berilishi – Ozarboyjonga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning davlat chegara xizmatining tegishli ro‘yxatlarga o‘z vaqtida kiritilishni ta'minlanmasligi mumkin;
  • Ozarboyjonga jo‘nashdan oldin so‘nggi 72 soat mobaynida olingan COVID-19 aniqlash uchun PZR testi salbiy javobi to‘g‘risidagi tibbiy ma'lumotnoma. Chegaradagi ortiqcha tekshiruvlardan va aeroportda rasmiyatchiliklardan aylanib o‘tish imkonini beruvchi QR kod bo‘lishi ma'qul (QR kodi mavjud bo‘lmagan ma'lumotnomalar egalari Boku shahrining aeroportida batafsil tekshiruvdan o‘tadi);
  • COVID-19 pasportlarining turlaridan biri: «COVID-19’ga qarshi vaksinatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma» (fuqaro koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinaning kamida ikki dozasini olgandan keyin O‘zbekiston vakolatli tibbiyot organi tomonidan beriladigan hujjat) yoki «COVID-19 immuniteti guvohnomasi» (fuqaroda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangani va uning qonida antitanachalar mavjudligi to‘g‘risida O‘zbekiston vakolatli tibbiyot organi tomonidan beriladigan hujjat. Ushbu hujjat Ozarboyjonga kirishdan kamida 6 oy oldin berilgan bo‘lishi kerak).

Bildirilishicha, sanab o‘tilgan hujjatlar fuqaro yonida bo‘lmagan taqdirda, ijtimoiy mavqeyi, davlat idoralarida va tijorat tuzilmalarida egallab turgan lavozimidan qat'i nazar, ularga Ozarboyjonga kirish taqiqlanadi va kelgan davlatiga qaytariladi.

Avvalroq, AQShga boruvchi o‘zbekistonliklarga mamlakatga kirishda qo‘shimcha talablar qo‘yilgani eslatilgandi.

Mavzuga oid
Top