21:02 / 04.11.2021
22521

O‘zbekiston kitob do‘konlarida eng bozori chaqqon kitoblar qaysilar bo‘lmoqda?

Kitob do‘konlari va internet do‘konlardan yoshlar eng ko‘p xarid qilayotgan kitoblar qaysilar? Quyidagi kichik tadqiqot eng bozori chaqqon kitoblar va ularning qisqacha mazmuni haqida.

Asaxiy.uz’da nima gaplar?

Asaxiy.uz internet do‘konida yoshlar orasida so‘nggi 2-3 oy ichida va yil davomida ham Javlon Jovliyevning «Qo‘rqma» romani kitobxonlar orasida eng ommabop asar, deb topilgan. Bu asarning ommabop va xalqchil bo‘lishi sababi ta'lim va ijtimoiy muammolar ko‘tarilgani, ayniqsa, talabalar haqida yozilgani uchun desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Roman voqealarini qisqacha so‘zlar bilan ifoda etib bo‘lmaydi. Sizni o‘tmish va kelajak kuyiga asir qiladi, o‘ylatadi, yig‘latadi va achchiq-achchiq kuldiradi. O‘tgan asr boshida Germaniyada o‘qigan talabalar, ularning maslagi va fojiali qismati bugungi yoshlar maqsadi bilan bir tarozida tortiladi.

Halis Karabenlining «Ba'zilar olisdan sevarlar» asari ham kitobxonlar tomonidan eng ko‘p o‘qilgan kitob hisoblanadi. U «Samoga boq, duo qil, hayotni sev, qo‘shiq kuyla, yomg‘irda sayr qil, bahorni sev, ulg‘ayma, jilmay, tabassum qil, chunki shu turishda go‘zalsan» degan misralar bilan boshlanadi. Shunisi bilan kitobxonlar e'tiborini tortgan desak adashmaymiz.

iBook.uz’da Amina Shenliko‘g‘lining asarlari eng ko‘p sotildi

iBook.uz internet tarmog‘i orqali kitobxonlar tomonidan asarlari eng ko‘p o‘qilayotgan mualliflar ro‘yxatida Amina Shenliko‘g‘lining kitoblari birinchi o‘rinda turibdi.

Bu adibning qaysi asarini o‘qimang, hammasida insonni kamolotga chorlaydigan, e'tiqodni mustahkamlaydigan pand-nasihatlarni uchratamiz.

Ayniqsa, «Mariya» asarini hech bir mubolag‘asiz e'tiqod ulug‘langan buyuk obida deyish mumkin. Ushbu asarni adib hayotiy voqea asosida yozgan. Asar voqealari Germaniya va Turkiyada bo‘lib o‘tgan. Uning asosiy qahramoni nasroniy qiz Mariya asar boshida irqchi, hatto millatchi shaxs sifatida ko‘zga tashlanadi. Lekin vaqt o‘tishi bilan u boshqa irq va millat vakillari ham o‘zlari kabi inson ekanligini anglab yetadi.

«Imomning maneken qizi» ham Amina Shenliko‘g‘li qalamiga mansub bo‘lib, ayollarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishda hamda ma'naviy qoloq bo‘lib qolmasligida ilmli bo‘lishning ahamiyatini yaqqol ko‘rsatib beruvchi asar hisoblanadi.

Akrom Malikning «Halqa» qissasi ham kitobxonlar tomonidan eng ko‘p o‘qilgan asar hisoblanib, unda butun dunyodagi musulmonlar uchun og‘riqli gaplar, voqealar va nuqsonlar hech bir ko‘ngli ochiq musulmonning dilini og‘ritmasdan qo‘ymaydi.

Bu asarlarni, asosan, 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan kitobxonlar xarid qilishgan. Ularning asosiy qismini Farg‘ona, Samarqand, Namangan va Surxondaryo hududidagi kitobxonlar tashkil etadi.

Book.uz’ning xaridorgir kitoblari

Book.uz kitob do‘konidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, yoz oylari va o‘tgan sentyabr-oktyabr oylari davomida eng yaxshi va ko‘p sotilgan kitoblar quyidagilar:

Zarifa Saidnosirova — «Oybegim mening» nomli kitobi nafaqat biografik asar, balki tarbiyaviy ahamiyati katta bo‘lgan, jonli va yorqin tasvirlarga ega chiroyli muhabbat qissasidir.

Kitobni o‘qigan har bir o‘quvchi qalbida Oybekdek ulug‘ adib va ulug‘ insonga nisbatan hurmat va muhabbat tuyg‘ulari paydo bo‘ladi. Kitobda, Oybekdan tashqari, yana bir asosiy qahramon bor. Bu butun hayotini Oybekka bag‘ishlagan, uning mashaqqatli qismatini yengillashtirishga intilgan, unga munosib yor bo‘lgan Zarifa opaning o‘zidir. Bu Oybekning shaxsiy hayotigina emas, balki bir-biriga munosib ikki ulug‘ siymoning sevgi va vafo dostoni hisoblanadi.

Bu asarni 18–40 yosh oralig‘idagi auditoriya ko‘proq sotib olgan. Asarning o‘zini 6 mingdan ortiq kishi xarid qilgan.

Murot To‘sun — «Olim yetishtirgan onalar». Bu kitobda ulug‘ zotlarning onalari farzand tarbiyasida qanday yo‘l tutgani, qanchalar azob-uqubat tortgani haqida hikoya qilinadi. Shunday ekan, har bir ona haqida o‘qib, alohida o‘git olamiz. Bu asarni 19-38 yosh oralig‘idagi auditoriya vakillari ko‘proq sotib olishgan.

Malala Yusufzay — «Men Malalaman». Ushbu kitob ayol-qizlarning haq-huquqlari uchun kurashishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar tasvirlangan, qizlarning maktabga borishini qo‘llab-quvvatlashi ortidan o‘zi duch kelgan tazyiq-u tahdidlar haqidagi avtobiografik qissadir. Bu asarga 21-42 yosh oralig‘idagi auditoriya ko‘proq qiziqish bildirgan.

Bu kitoblar 2 ming nusxa atrofida do‘kondan va onlayn tarzda xarid qilingan.

«Akademnashr»ning eng ko‘p sotilgan kitoblari

«Akademnashr» orqali kitobxonlar tomonidan asarlari eng ko‘p o‘qilayotgan mualliflar ro‘yxatida Anvar Narzullayev yuqori o‘rinda turibdi. Uning «Paytonda dasturlash asoslari» kitobi dasturlash asoslariga oid o‘zbek tilidagi ilk eng mukammal qo‘llanmalardan biri hisoblanadi.

Kitobning har bir bo‘limi uchun maxsus videodarslar yozilgan bo‘lib, ularga kitobda ko‘rsatilgan QR-kod orqali o‘tish mumkin. Darslar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar va ularning javoblari Github platformasiga yuklangan. Qo‘llanma Payton dasturlash tili asosida yozilganiga qaramay, dasturlashga ilk qadam qo‘yayotgan barcha ixlosmandlarga tavsiya etilgan.

Bu do‘kon orqali eng ko‘p sotilgan kitoblardan yana biri Raxshona Ahmedovaning «Soyabon ostida» nomli hikoya va qissalar kitobidir. Unda adibaning jahongashtaligi, ko‘p yurtlar va odamlarni o‘rgangani, kuzatgani bilinadi. Yapon, koreys, xitoy xalqlarining xarakteri, dunyoqarashi va hayotga munosabatini o‘sha zaminda ko‘rib, his etib, yuragidan o‘tkazib, keyin yozgani bir necha hikoyalarida yaqqol seziladi.

Zohidbek Turdialiyev — «Super matematika». Ushbu kitob matematikaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan. Turli murakkablikdagi masala va misollarni yechish yo‘llari berilishi o‘quvchiga qulaylik tug‘diradi. Kitob oliy o‘quv yurtlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlar, o‘quvchi yoshlar va ularning ustozlariga mo‘ljallangan.

Noila Iskandarova tayyorladi. 

Mavzuga oid
Top