01:38 / 05.11.2021
29588
Kun savoli: chang nimasi bilan xavfli va undan qanday himoyalanish mumkin?
Foto: KUN.UZ

2021 yilning 4 noyabri Toshkentda hech kuzatilmagan holat – chang bo‘roni bilan esda qoldi. Tez orada bosilishi umid qilingan bu hodisa soatlarki tinmayapti. Deyarli butun mamlakatda havo chang bilan to‘lgan. Havo sovuq bo‘lishiga qaramay, na yomg‘ir, na qor yog‘di. Chang uylar, ishxonalar, avtomobillarning eshik-derazalaridan sizib kirib, allergik kasalligi bor bemorlar uchun dahshatga aylanmoqda. Ayniqsa pandemiya sharoitida, hayotiy muhim a'zo bo‘lgan o‘pka uchun bu navbatdagi sinov.

Xo‘sh, chang nimasi bilan xavfli?

Bunday sharoitda har qanday sog‘lom odam ham o‘zini noqulay his qiladi, nafas olishga qiynaladi. Ko‘pchilik faqat zaharli gazlardan himoyalanish kerak deb o‘ylaydi, lekin chang ham zarari jihatdan ulardan qolishmaydi. Chang inson organizmida to‘planish xususiyatiga ega, nafas olish va qon aylanish tizimida jiddiy muammolar keltirib chiqaradi.

Changning zarari eng avvalo uning dispersligiga, ya'ni chang zarralarining o‘lchamlariga hamda nafas olish hududidagi konsentratsiyasiga bog‘liq. Inson uchun eng zararli changlar qatorida kvars yoki asbest changlarini sanab o‘tish mumkin. Undan keyin esa ko‘mir changi turadi. Lekin turidan qat'i nazar changlar o‘pkaning pnevmokonioz, chang bronxiti kabi kasalliklarini qo‘zg‘atishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan quyidagi darajadagi chang me'yoriy etib belgilangan:

  • 10 mkm va undan kichik zarralar uchun – 0,05 mg/m3;
  • 2,5 mkm va undan kichik zarralar uchun – 0,085-0,01 mg/m3.

«O‘zgidromet»ning ma'lum qilishicha, 4 noyabr kungi bo‘ron vaqtida atmosferadagi chang miqdori me'yoridan 5 barobarga oshgan.

Chang bolalarga ham jiddiy zarar yetkazadi. Ularning nozik o‘pkalari, ko‘zlarining shilliq qavatlari tashqi omillarga juda ta'sirchan bo‘ladi. Chang bo‘ronlari ayniqsa allergik kasalliklari, xususan bronxial astmasi bor bemorlar uchun xavfli. Bunday bemorlar shundoq ham nafas qisilishidan aziyat chekadilar, bu kabi bo‘ronlar esa ularni yanada mushkul vaziyatga tushiradi.

Yuqori nafas yo‘llarining mavsumiy kasalliklaridan aziyat chekayotganlar ayniqsa chang ta'siriga tushib qolishdan ehtiyot bo‘lishlari lozim.

Chekuvchilar ham bunday paytda jiddiy sinovdan o‘tadilar. O‘pkaning katta qismini tamaki zahari bilan ishdan chiqarib bo‘lganlar uchun qolgan sog‘ qismlar nafas olish hajmini yetarlicha ta'minlolmay qolishi mumkin. Ekologik muammolarning jiddiy xabarchisi bo‘lgan chang bo‘ronlari mikroplastik sun'iy polimerlar yoki plastik changini tashib kelib, organizmga joylab ketishi hech gap emas.

Qanday himoyalanish mumkin?

4 noyabr kuni O‘zbekistonda kuzatilgandek holat bo‘lsa amalda hech qanday himoya usuli to‘laqonli samara bermaydi. Lekin zararning ta'sir kuchini kamaytirishga urinib ko‘rish mumkin. Derazalarni zichlab yoping, zarurat bo‘lmasa, tashqariga chiqmang. Yuzalarni ho‘l latta bilan artib turing, imkon bo‘lsa, xonaga idishlarda suv qo‘ying. Ko‘proq suyuqlik, xususan, ko‘k choy iching, yog‘li ovqatlarni cheklang, chekishdan hech bo‘lmasa shunday paytlarda tiyilib turing.

Laklar, dezodorantlar, sprey va havoni tozalovchilardan foydalanmang. Chunki ular shundoq ham kam toza havo hajmiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Eng muhimi, deyarli unutib qo‘ygan eng samarali vosita – tibbiy niqoblarni qayta taqing. Imkon qadar sun'iy matolardan qochib, tabiiy dokadan foydalanishga harakat qiling. Nafas qisilishi jiddiylashsa, shifokorga murojaat qiling.

Abror Zohidov

Top