14:20 / 05.11.2021
5236
“Qo‘rquv meni tark etmaydi” – farzandi tuzalishi orzusida yashayotganlar

Orzulari sarobga aylangan insonning hayoti shunchaki vaqtga aylanadi. Xalqimiz o‘z baxtini oilada, o‘z farzandlarida ko‘radi doim. Oramizdagi bu insonlar umrning mazmunini bolasining sog‘ayib ketishida deb bilishadi. Ular uchun bundan ortiq baxt yo‘q.

“Bir emas, ikki nevaramni davolatish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilyapmiz”

Xorazmlik Ilhom Jumaniyozov to‘rt nevaraning bobosi. Ammo bir nevarasida aniqlangan oqqon, yana biridagi suyak yetishmovchiligi kasalligi uni shifoxonalar eshigida yurishga majbur qildi.

“Katta nevaram 5 yoshli Gulshodaga shu dard yopishdi. “Yashagim kelyapti, bobojon” deganda ko‘zimga dunyo qorong‘i bo‘ladi. Kenja nevaram ham dardmand tug‘ilgan. Ikkalasi ham doimiy parvarish, davolanishga muhtoj bo‘lgani sabab qiynalib qoldik”, — deydi u.

Gulshoda Ilhomovaga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0417 8713 1441 onasi Sharipova Dilnoza nomida

“Otasi oyoqqa tura boshlaganda qizimga dard yopishdi”

“Toshkentga borishimiz kerakligini aytishganda bilmasdik bunday kasallikka duch kelganimizni. Oqqon tashxisini eshitib ancha vaqtgacha o‘zimga kela olmadim.

Ayniqsa kimyoterapiyalar olayotganda bolam azoblanadi. O‘sha holatimni tasvirlab ham bera olmayman. Murg‘akkina qizim boshini ushlab qolishini ko‘rib undan battar azoblanaman”, — deydi Gulsanamning onasi.

Oila boshlig‘i haydovchilik bilan shug‘ullanib oila tebratib yurgan chog‘ida avtohalokat sababli bir yil to‘shakka mixlanadi. Otasining asta-sekin oyoqqa tura boshlayotganidan xursand oila boshiga ikkinchi tashvish — qizaloqning oqqonga chalinishi tushdi. Ular hozir navbatdagi kulfat bilan kurashishmoqda.

Gulsanam To‘rayevaga oid ma'lumotlar:     

Uzcard: 8600 0417 6760 2783 onasi Dilfuza Hojiyeva nomida

“Yosh-yosh bolalar, kichkina chaqaloqlar ham bor kasalxonada”

Umidbek ulg‘ayib, oqqonga chalingan bolalarni davolashni istaydi. Aytishicha, unda bu istak kasalxonada shu kasallikdan qiynalayotgan bolalarni ko‘rgach paydo bo‘lgan.

“Yosh-yosh bolalar, kichkina chaqaloqlar ham bor kasalxonada. Ularni davolashni xohlayman”, — deydi o‘zi shu xastalik bilan kurashayotgan bola.

Sportchi, a'lochi, ko‘ngli ochiq Umidbek o‘zi qanday kasalga chalinganini bilmaydi. Ota-onasi o‘smir yoshdagi o‘g‘illari ruhan siniqmasligi uchun shu paytga qadar buni boladan yashirib kelishgan.

“Bolamning dardiga shifo so‘rab duo qilsam, nega bunday qilayotganimni so‘raydi. Aytolmayman sababini – biroz qoni kamayganini aytib ovutaman. Ikki yil bo‘ldi maktabga bora olmayotganiga. Ba'zida yig‘laydi tengdoshlari bilan yayrab o‘qigisi kelganidan”, — deydi bolasidan ko‘z yoshini bekitgan ona.

Umidbek Ulashevga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0417 3898 4195 onasi Ibragimova Fotima nomida

Bolamga bir narsa bo‘lsa nima qilaman degan qo‘rquv doim meni tark etmaydi

“Boshingizga tushmaguncha bilmas ekansiz dard nimaligini. Ikki yildan beri viloyatdan kelib o‘g‘limni davolatamiz. Ijaraga uy topilmaganda mashinalarda tunashga ham majbur bo‘lganmiz ba'zida.

Kasal bolamni qo‘limda ko‘tarib yo‘llarda sarson bo‘lishni ham ko‘rdim. Faqat bitta xayol: bolamga bir narsa bo‘lsa nima qilaman degan qo‘rquv hali ham meni tark etmaydi”, — o‘ksinadi Matluba Matyozova.

Abdumajid Ismoilovga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0304 7279 2914 onasi Matluba Matyozova nomida

Viza: 5392 0300 0021 0387 onasi Matluba Matyozova nomida

Saxiylarning qalblari berganda orom topadi. Ammo bu insonlarga ko‘mak berish ham bolalar, ham ularning ota-onalari, yaqinlari uchun baxt keltiradi. Berganlaringiz ming karra ortig‘i bilan qaytgusidir!

Gulmira Toshniyozova tayyorladi
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi – Azimjon Vohidov

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top