09:29 / 05.11.2021
7078

Surxondaryoda sodir bo‘lgan YTHda haydovchining otasi vafot etdi. Yana ikki kishi kasalxonaga yotqizildi

Videodan kadr

Surxondaryo viloyati Denov tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida haydovchining otasi vafot etgan. Yana ikki kishi kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 31 oktabr kuni soat 23:45larda Denov tumani Qiziljar mahallasidan o‘tuvchi 4K587 avtomobil yo‘lida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Haydovchilik guvohnomasini olganiga endi 9 oy bo‘lgan 26 yoshli yigit Nexia mashinasida ota-onasi, xolasi va uning voyaga yetmagan farzandlari bilan ketayotganda tezlikni me'yordan oshirib harakatlangan. So‘ng, o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan 21 yoshli yigit boshqaruvida bo‘lgan traktorning tirkamasiga borib urilgan va uning ostiga kirib ketgan.

Hodisa oqibatida Nexia mashinasining old o‘rindig‘ida bo‘lgan haydovchining otasi og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan. Bundan tashqari, mashinaning orqa o‘rindig‘ida bo‘lganlardan ikki nafari, ulardan biri voyaga yetmagan bola og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, traktor haydovchisida uni boshqarish uchun hech qanday hujjat bo‘lmagan. Shuningdek, unda boshqa yengil mashinalarni boshqarish huquqini beradigan haydovchilik guvohnomasi ham bo‘lmagan.

Top